18 fevral kuni qayta tashkil etilgan Sportni rivojlantirish vazirligida tayinlovlar amalga oshirildi, deb xabar berdi O‘zA.

Prezident qarori bilan Abdullo Aslonov, Shaxrillo Maxmudov va Murad Ismailov sportni rivojlantirish vazirining o‘rinbosarlari lavozimiga tayinlandi.

Abdullo Aslonov va Shaxrillo Maxmudov avvalroq tugatilgan Turizm va sport vazirligi rahbariga o‘rinbosar sifatida faoliyat yuritishgan.

Shaxrillo Maxmudov 1970 yil 13 sentabrda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. U 1992 yilda Buxoro davlat pedagogika institutini «jismoniy tarbiya o‘qituvchisi» yo‘nalishida tamomlagan. 2013 yildan buyon O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

U 2002 yilda «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi» faxriy unvoni, 2016 yilda «Mexnat shuhrati» ordeni hamda 2021 yilda «| darajali Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan mukofotlangan.

Abdullo Aslonov 1984 yil 8 iyul kuni Samarqand viloyatida tug‘ilgan. 2014 yilda Samarqand davlat chet tillar instituti magistraturasini tamomlagan.

Shuningdek, Regent London (Angliya), Kings Institute (Angliya), Marlborough College of Businnes and Technology (Angliya) talabasi bo‘lgan. Ko‘p yillar A.Aslonov «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati tizimida faoliyat yuritgan. 2020 yildan Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasining a’zosi hisoblanadi.

Murad Ismailov. Foto: Hisob palatasi matbuot xizmati.

Hisob palatasining «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, Murad Ismailov hozirga qadar O‘zbekiston Hisob palatasi Ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash xarajatlarini audit qilish sho‘basi mudiri lavozimida ishlab kelgan.

U 1982 yilda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida tug‘ilgan. 2005 yilda Toshkent moliya institutini tamomlagan. 2014−2017 yillarda — O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi Iqtisodiy tahlil va moliya boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 18 fevralida Turizm va sport vazirligi ikkiga bo‘linib, Turizm va madaniy meros hamda Sportni rivojlantirish vazirliklari tashkil etilgandi. Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikramov sportni rivojlantirish vaziri lavozimiga tayinlandi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» sport sohasida davlat siyosatini yurituvchi organ oltinchi marta qayta tashkil etilgani haqida yozgandi.