Rossiyaning Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyasi paytida 498 nafar rossiyalik harbiy xizmatchi halok bo‘ldi. Bu xaqda Rossiya Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Igor Konashenkov brifing davomida xabar berdi.

«O‘z harbiy burchini bajarish davomida 498 nafar rossiyalik harbiy xizmatchi halok bo‘ldi. Jabrlanganlarning oilalariga barcha yordam ko‘rsatiladi. 1597 nafar safdoshimiz jarohatlangan», — dedi Konashenkov o‘z bayonotida.

Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina tomonining yo‘qotishlari 2870 dan oshiq halok bo‘lganlar va 3700 ga yaqin yaralanganlarni tashkil etadi. Shuningdek, 572 nafar Ukraina harbiylari asirda ekani ta’kidlandi.

Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi vakili harbiy operatsiyada chaqiriluvchilar va vazirlikning ta’lim muassasalari kursantlari ishtirok etmayotganini qayd etdi. Igor Konashenkov Rossiya harbiylari orasidagi «behisob» yo‘qotishlar haqidagi xabarlarni dezinformatsiya ekanligini bildirdi.

Bayonnomaga ko‘ra, harbiy amaliyotlar vaqtida Ukrainaning 1533 ta harbiy infratuzilma obyektiga, 54 ta boshqaruv punkti va harbiy aloqa tuzilmalariga, 39 ta havo hujumidan mudofaa komplekslariga, 52 ta radiolokatsiya stansiyasiga zarba berilgan.

Shuningdek, Ukrainaning 47 ta harbiy samolyoti yerda, 13 tasi havoda yo‘q qilingani, 484 ta tank va jangovar mashinalar, 63 ta raketa tuzilmalari, 217 ta dala artilleriyasi, 336 ta maxsus harbiy texnika, 47 ta uchuvchisiz qurilma ishdan chiqarilgani qayd etildi.

Rossiya askarlari tomonidan Popova, Novgorovka, Novomixaylovka, Lyubimovka aholi yashash punktlarini, LXR kuchlari Qizil Liman, Torskoye, Kremennaya, Varvarovka, Borovenki aholi punktlarini, DXR kuchlari esa Primorskoye, Priazovskoye, Shevchenko va Berdyanskoye aholi punktlarini egallagani, Mariupol qamalga olingani ma’lum qilindi.

«Rossiya harbiy xizmatchilari, Rossiya armiyasi o‘z vazifalarini g‘urur bilan bajarishmoqda. Ular yaqingacha Ukraina hududidan kelib turgan real tahdidni yo‘q qilishmoqda. Bu hududda ukrain xalqining xohishiga zid ravishda yaqin vaqt ichida NATO bazalari, yadro qurollari, ularni yetkazish vositalari paydo bo‘lishi kerak edi», — dedi Igor Konashenkov.

2 mart kuni tongda Ukraina Qurolli kuchlari bosh shtabi Rossiya yo‘qotishlari 5840 nafar odamni tashkil etganini qayd etdi. Avvalroq UNIAN axborot agentligi jarohat olgan askarlar ham ushbu ro‘yxatga qo‘shilayotganini xabar qilgan edi.

Ukraina tomoni 29 ta vertolyot va 31 ta samolyot, 200 dan ortiq tanklar, 862 broneviklar, 355 ta avtotexnika, 60 ta avtotsisternalar, 85 ta artilleriya tizimi, 40 ta zalpli o‘t ochish reaktiv tizimi, 9 ta HHQ vositasi, 3 ta BPLA va 2 ta kater yo‘q qilinganini ta’kidladi.

Bosh shtab ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlarining Ukraina hududiga bostirib kirganidan beri mamlakat hududiga 180 dan ortiq raketalar yuborilgan. «Harbiy infratuzilma obyektlaridan tashqari fuqaroviy infratuzilma va aholi yashash hududlari ham jiddiy talofat ko‘rgan», — deyiladi xabarda.

1 mart kuni BMT Ukrainada 24 fevraldan buyon kamida 136 nafar tinch aholi, shu jumladan 13 nafar bolalar, halok bo‘lganligi, 400 kishi jarohatlanganligini ma’lum qilgan edi.