Shavkat Mirziyoyev ayollarga nisbatan har kuni unga axborotlar yetib kelayotgani aytib, ularning ko‘p qismi aynan oilada sodir bo‘layotganini ta’kidladi.

Bunga prezident 1 mart kuni bo‘lib o‘tgan videoselektorda to‘xtalib o‘tdi, deb xabar berdi uning matbuot xizmati.

«Oilada ayollarni xo‘rlash, ularga zo‘ravonlik qilish va tazyiq o‘tkazish holatlari hali mavjud. Har kuni menga kelayotgan juda katta ma’lumotlarda bu narsalar bor. 2021 yilda 39 mingga yaqin xotin-qizlar oilada eri, qaynonasi, kelini tomonidan zo‘ravonlik bo‘layotgani haqida profilaktika inspektorlariga murojaatlar qilgan», — dedi u.

Bu raqamlar 2020 yilga nisbatan 2,5 baravarga ko‘paygan.

«Mana hozirgi hayotimiz bu, balandparvoz gaplardan yiroq bo‘lib, pasga tushib, mahallada ishlamaganimizni natijasi shu. Hech qaysimiz shu vaqtgacha mahallada nima bo‘layotganini bilmaganmiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «bu muammolarni hal etishda mahalla faollari, jamoatchilik, nuroniylarning o‘rni va ta’siri ham mutlaqo sezilmayapti».

Davlat rahbari oilada ayollarning huquqiy himoyasini kuchaytirish shartligini ta’kidladi.

Amaldagi tartibga muvofiq, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollar 30 kun muddatga alohida himoyaga olinadi. Lekin, bu muddat o‘tgandan keyin ular bilan ishlash tizimida bo‘shliq bo‘lib qolgan.

«Bundan buyon, ayollarning tazyiq va zo‘ravonlikdan himoyasi sud tomonidan kafolatli ta’minlanadi. Alohida himoyaga olish bir yilgacha muddatga belgilanadi», — deyiladi xabarda.

Bunda:

  • mahalla raisi Ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikni oldini olish komissiyasiga bosh bo‘ladi;
  • mahalladagi xotin-qizlarga mas’ul ayol jabrlangan ayollarga motivatsiya beradi, turmush qiyinchiliklarini yengishni o‘rgatadi, bunga psixologlarni jalb qiladi;
  • hokim yordamchilari bunday oila a’zolarining bandligini ta’minlaydi;
  • profilaktika inspektori zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning xulq-atvorini o‘zgartirish choralarini ko‘radi.

Senat, Oliy sud va Bosh prokuratura bilan birgalikda ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikni oldini olishga qaratilgan yangi tizim yaratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.