Tadbirkor Rauf Komiljonov 24 fevral kuni bo‘lib o‘tgan birja savdolarida «Savdogarbank»ning qo‘shimcha 45,73 foizlik ulushini sotib oldi.

Oltita bitim davomida aksiyador bankning 594,53 million dona qimmatli qog‘ozlarini 71,3 mlrd so‘mga — har bir aksiya uchun 120 so‘mdan sotib oldi.

Noyabr oyi oxirida Rauf Komiljonov «Savdogarbank»ning 53,53 foiz aksiyasini 83,5 mlrd so‘mga sotib oldi.

Yaqinda amalga oshirilgan operatsiyalarni hisobga olsak, endi u kredit tashkilotining 99,26 foiz aksiyalariga egalik qiladi. Ilgari bank aksiyadorlari Singapurning Megastrata PTE (30 foiz), Samarqand choy qadoqlash fabrikasi (12,6 foiz) va boshqa jismoniy shaxslar (3,9 foiz) edi.

2021 yil III choragi yakunlariga ko‘ra, «Savdogarbank» 10,8 mlrd so‘m miqdorida zarar ko‘rgan, biroq 2020 yilda bankning sof foydasi 14,2 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Korxona va tashkilotlar yagona reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Rauf Komiljonov Darvoza Savdo’ning (Makro do‘konlar tarmog‘i) 11 foiz, Profit Store’ning (eng yirik oziq-ovqat distribyutori) 20 foiz va Ramirus Gas Servic’ning (ixtisoslashtirilgan korxonalarda motor yoqilg‘isi chakana savdosi) 2,8 foiz ulushiga egalik qiladi.