«Meduza» nashri rossiyalik iqtisodchi Sergey Guriyevning Rossiya-Ukraina munosabatlarining keskinlashuvi, urush harakatlari va sanksiyalar ostida Rossiya iqtisodiyoti qanday o‘zgarishi xususida bergan intervyusini e’lon qildi.

Sergey Guriyev Rossiya Markaziy bankining Yevropa ittifoqi, AQSh va Kanadadagi aktivlari muzlatilishini «mutlaqo kutilmagan, muhim yangilik» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «zaxiralarning mavjudligi — makroiqtisodiy barqarorlikning asosiy ustunlaridan biri» hisoblanadi. Endi valyuta bozorida vaziyat qanday o‘zgarishini oldindan aytish qiyin, sababi — bu kabi hodisa «hech qachon kuzatilmagan» edi. Guriyevning fikricha, faqat bir narsani mutlaq ishonch bilan aytish mumkin — «bu rubl uchun ulkan zarba» bo‘ladi.

Iqtisodchining ta’kidlashicha, hozirda Rossiya Markaziy banki ixtiyorida mavjud bo‘lgan oltin hamda yuan ham vaziyatni yumashatishga yordam bermasligi mumkin. «Amerika sanksiyalari — juda jiddiy mexanizm» bo‘lib, bu borada Xitoy banklari Rossiya regulyatorini qo‘llab-quvvatlashni istamaydilar. Sababi — Amerika buni javobsiz qoldirmasligini yaxshi biladilar.

Guriyev hozirgi vaziyatda Rossiya Markaziy banki zaxirasidan oltin sotib olish yoki yuanni dollarga almashtirish orqali AQSh sanksiyalari ostiga tushib qolish xatarini hech bir Xitoy banki zimmasiga olishga tayyor emas, deb hisoblaydi.

«Rossiya Markaziy banki, shubhasiz, dollar va yevroga muhtoj. Sababi Rossiya iqtisodiyotida importning aksariyat qismi Yevropadan. Dori vositalari, texnologiya, oziq-ovqat sotib olish uchun yuan emas, dollar kerak», — deya qayd etgan Sergey Guriyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «sanksiyalar qanday ishlashini», aniqrog‘i qanday ta’sir ko‘rsatishini hech kim bilmaydi. Bu kabi holat Eron va Shimoliy Koreya bilan sodir bo‘lgan, biroq Rossiya, uning nazdida, «ancha muhimroq o‘yinchi». Amaliyotda kuzatilmagan hodisa bo‘lganligi sabab Rossiyada valyuta inqirozi bo‘lmaydi, deb oldindan aytib bo‘lmaydi.

Meduza muxbirining «rossiyaliklardan dollardagi jamg‘armalari olib qo‘yilishi» ehtimoli mavjud yoki yo‘qligi to‘g‘risidagi savoliga iqtisodchi bunday ssenariy «mutlaqo haqiqatga yaqin», deya javob bergan. Uning fikricha, bunday holatda rossiyaliklarga dollardagi jamg‘armalarini faqatgina davlat tomonidan o‘rnatilgan kursda rublga aylantirib yechib olishlariga ruxsat etilishi mumkin. Shuningdek, import keskin qisqarishi ehtimoli ham yo‘q emas. Chunki rossiyaliklarda valyuta yetishmaydi.

Guriyev, shuningdek, bu kabi qat’iy sanksiyalar o‘z natijasini berishi va Rossiya prezidentining Ukrainadan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketish bo‘yicha muzokaralarni boshlashiga ishonch bildirgan. Qolaversa, fuqarolarning noroziligi ham bunga «turtki bo‘lishini» qayd etgan.

Iqtisodchining fikricha, muzokaralar natijasida Rossiya o‘z qo‘shinlarini Ukraina hududidan olib chiqib ketgan taqdirda ham barcha sanksiyalar olib tashlanmasligi mumkin. Bundan tashqari, mamlakatga investitsiya oqimining qisqarishi ehtimoli katta. Sababi yuz bergan hodisa Rossiyada «ilgari kutilmagan hodisa yuz berishi mumkin» ekanligini ko‘rsatadi. Shu nuqtai nazardan g‘arblik investorlar «Putin qandaydir yangilik o‘ylab topishi mumkin» bo‘lgan sharoitda risk qilmaydi.

Shuningdek, u Rossiyaning neft eksportiga embargo joriy etilishi ham ehtimoldan holi emasligini qayd etgan. Natijada Rossiya neftni Xitoyga arzonroq narxda sotishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Biroq iqtisodchi hozirgacha qo‘llangan sanksiyalarning o‘zi ham Putinning muzorakalar o‘tkazishi uchun yetarli rag‘bat bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirgan. Ayniqsa Rossiya Markaziy bankiga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalar Rossiyani «SWIFT`dan uzib qo‘yishdan ham ko‘ra og‘riqliroq» ekanligini ta’kidlagan.

Yuqori texnologiyalar eksporti bilan bog‘liq sanksiyalar, Guriyevning ta’kidlashicha, Rossiyada texnologiyalar rivojlanishini to‘xtatib qo‘yishi mumkin.

«Rossiya texnologiya sohasida amalga oshirmoqchi bo‘lgan hamma narsa boshqa davlatlar bilan hamkorlikka bog‘liq. Rossiya bu borada yolg‘iz emas. Xitoy ham yolg‘iz o‘zi hech narsa qila olmaydi. Amerika ham. iPhone faqat Amerikada ishlab chiqarilmaydi… Eng zamonaviy mikrochiplar Tayvanda ishlab chiqariladi. Tayvan sanksiyalarga qo‘shildi. Bu — Rossiyada texnologiyaning rivojlanishi to‘xtaydi, degani», — deya aniqlik kiritgan u.

Meduza muxbiri shu o‘rinda Guriyevning, Rossiya iqtisodiyoti boshqa davlatlar bilan shunchalik bog‘liq ekan, Putin qanday argumentlarga ishongan holda bu urushni boshlaganligi yuzasidan mulohazalari bilan qiziqqan.

Guriyevning fikricha, Rossiya prezidenti «G‘arb bunday jiddiy sanksiyalarni qo‘llashga jur’at etolmaydi» deb o‘ylagan bo‘lishi mumkin. Qolaversa, u «urush juda tez tugashiga ishongan».

«Ammo G‘arb rahbarlari o‘zlarini aldangandek his qilishdi, eng asosiysi, G‘arb jamiyati guvohi bo‘ldiki, 1939 yil qayta keldi… Yangi Yevropa urushini esa hech kim xohlamadi. G‘arb jamiyati o‘z hukumatlaridan keskin choralarni talab qildi», — deya ta’kidlagan u.

Bu kabi qat’iy sanksiyalar G‘arb iqtisodiyotini ham xavf ostida qoldirishi mumkinligi, xususan, Rossiya gaz ta’minotini to‘xtatishi mumkinligi to‘g‘risidagi mulohazaga Guriyev shunday munosabat birdirgan: «G‘arb bunga tayyor, buni o‘ta jiddiy muhokama qilmoqda. G‘arb biladiki, uning Rossiya gaziga qaramligi Rossiyaning gaz ta’minotiga bog‘liqligiga qaraganda kamroq».

«Aynan shuning uchun ham bugun Vladimir Putin gaz ta’minotini to‘xtatishini aytmadi. U „Bizda yadro quroli bor“, dedi. Mana shu narsadan hamma qo‘rqadi. Aynan shuning uchun G‘arb askarlari Ukraina tuprog‘ida jang qilmaydi. Ayni paytda, Fransiya tashqi ishlar vaziri [Jan-Iv] Le Drianning „NATO ham yadroviy alyans ekanligini unutmang“ degan bayonotini esda tutishimiz zarur. Ammo G‘arbda inson hayotining qiymati juda yuqori, hech kim yadroviy urushni xohlamaydi. Hamma iqtisodiy choralar yetarli bo‘lishiga umid qilmoqda», — deya ta’kidlagan Sergey Guriyev.

Suhbat yakunida esa «Urush rossiyaliklar uchun qimmatga tushmoqda va bundan ham qimmatga tushadi. Urushni to‘xtatish kerak», deya xulosa qilgan.

24 fevral tongida Rossiya harbiy qo‘shini Ukraina hududiga bostirib kirdi. Rossiya hukumati bu xatti-harakatlarni «maxsus harbiy operatsiya» deb atadi va operatsiyaning maqsadi — Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish ekanligini ma’lum qildi. Kreml buni Ukrainaning NATO`ga kirishga qaratilgan sa’y-harakatlari hamda NATO`ning sharqqa tomon «kengayishi» Rossiya xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligi bilan izohlab kelmoqda.

Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarini dunyo hamjamiyati va keng jamoatchilik keskin qoraladi. G‘arb davlatlari Rossiyani zudlik bilan qon to‘kishni to‘xtatishga chaqirdi, unga nisbatan sanksiyalar e’lon qildi va voqealar rivojiga mos ravishda sanksiyalar paketlari yangilanib, qat’iylashib bormoqda. Ular safiga yaqin Sharq davlatlari ham birin-ketin qo‘shilayotganligi aytilmoqda. Rossiyaga qarshi qaratilgan sanksiyalar hozircha asosan iqtisodiy, xususan, moliyaviy xarakterga ega.

27 fevralga o‘tar kechasi G‘arb davlatlari tomonidan e’lon qilingan navbatdagi sanksiyalar paketidan Rossiyaning bir qator banklarini SWIFT`dan uzish hamda Markaziy bankining Yevropa ittifoqi, AQSh va Kanadadagi aktivlarini muzlatish masalasi ham joy oldi. Markaziy bank aktivlari mamlakatda milliy valyuta va fond bozori qulayotgan bir paytda milliy valyuta barqarorligini saqlab turishda muhim ahamiyatga ega. Biroq Rossiya endilikda rubl barqarorligini saqlab qolish uchun xalqaro zahiralaridan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi yoki bu imkoniyat cheklandi.