“Gazeta.uz” koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida, 1-martdan ochiq havoda va jamoat joylarida majburiy niqob taqish tartibini bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi haqida xabar qilgan edi. Endilikda transport vositalarida, savdo shaxobchalarida, bozorlarda, tashkilotlarda, ta’lim muassasalarida, madaniy-ko‘ngilochar obyektlar va boshqa muassasalarda niqob taqish tavsiya xarakteriga ega bo‘ladi.

Yig‘ilishda ishtirok etgan “Gazeta.uz” muxbiri boshqa bir qator karantin cheklovlari, shu jumladan, umumiy ovqatlanish joylari va jamoat transporti bilan bog‘liq cheklovlar bekor qilingani to‘g‘risida xabar berdi.

Mazkur qaror, karantin munosabati bilan umumiy ovqatlanish shaxobchalari va ko‘ngilochar obyektlar (restoranlar, kafelar, oshxonalar, choyxonalar, tungi klublar, karaoke, bilyard zallari va kompyuter xonalari va boshqalar) ish vaqtiga nisbatan soat 8:00 dan 20:00 gacha deb belgilangan cheklovlarning bekor qilinishini nazarda tutadi. Ushbu talab o‘tgan yilning 28-iyunida joriy etilgan bo‘lib, 10-avgustdan boshlab soat 20:00 dan keyin ishlashga faqat xodimlari kamida ikki dozada vaksina olgan muassasalargagina ruxsat berilgan edi. Endi barcha muassasalar ish vaqti bilan bog‘liq cheklovlarsiz faoliyat olib borishlari mumkin.

Bundan tashqari, Toshkent shahrida umumiy ovqatlanish joylari va jamoat transporti harakatlanuvchi tarkibi umumiy sig‘imidagi o‘rinlarni 50 foizgacha qisqartirish talabi ham bekor qilindi. Bu cheklovlar o‘tgan yilning aprel oyida joriy qilingan edi.

“Amalda bu talablarga rioya qilinmaydi. Shuning uchun ularni bekor qilish kerak”, — dedi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligini saqlash xizmati rahbari Bahodir Yusupaliyev jamoat transportidagi vaziyatga to‘xtalar ekan.

Qayd etish joizki, mazkur talabga boshidanoq rioya qilinmagan. Shuningdek, o‘sha vaqtda yo‘nalishlarda avtotransportlar soni ko‘paytirilishi nazarda tutilgan edi, biroq o‘tgan yili yangi harakatlanish tarkibi xarid qilinmadi.

Bosh vazir Abdulla Aripov mazkur cheklovlarning bekor qilinishini “odatiy hayot tarziga qaytishning dastlabki qadamlaridan biri” deb atadi.

O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi barcha uchun 48 soatdan ortiq bo‘lmagan muddat ichida topshirilgan PZR testi natijasi bo‘yicha manfiy natijali ma’lumotnomani taqdim etish talabi saqlanib qolmoqda. Ma’lumotnoma mavjud bo‘lmagan taqdirda, COVID-19 uchun ekspress testdan o‘tish talab etiladi.

“Hozirgi kunda ham koronavirus bilan kasallanish holatlari uchrab turibdi. Shu bois, hozircha ushbu tartibni vaqtinchalik saqlab qolish maqsadga muvofiq”, — deya qayd etdi Bahodir Yusupaliyev.

Avvalroq ish beruvchilarga qo‘l ostidagi ishchi-xizmatchilarning koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanganlik, shu jumladan, buster doza bilan emlanish darajasi 90 foizdan kam bo‘lmasligiga erishish majburiyati yuklatilganligi haqida xabar qilingan edi. Emlanmaganlar ishdan vaqtincha chetlatilishi lozim.