Ayiq qafasidan omon qolgan qizaloq shifoxonadan uyiga qaytdi. SSV matbuot xizmati qizaloqning ahvoli yaxshiligi haqida xabar berdi.

Shu yilning 28-yanvarida hayvonot bog‘ida ayiq qafasiga tashlab yuborilgan qizaloq Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgandi.

24-kundan beri shifokorlar nazoratida bo‘lgan qizaloq barcha tibbiy ko‘riklar ijobiy natija ko‘rsatgani va ruhiy holati me’yorida ekani inobatga olinib uyiga qaytishga ruxsat berilgan. Qizaloq hozircha buvisining qaramog‘ida bo‘ladi.

“Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan jajji bemor Z.A.ning 18 yoshga to‘lguniga qadar salomatligini doimiy nazorat qilish uchun Bolalar milliy tibbiyot markazi va uning direktori, tibbiyot fanlari doktori Alisher Sharipov shaxsan mas’ul etib belgilangan”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 28-yanvar kuni ayol o‘zining 3 yoshli qizchasini bog‘ mehmonlari ko‘z o‘ngida to‘siq ortidan ayiqning qafasiga tashlab yuborgan. Kavkazlik Zuzu laqabli ayiq qizga yaqinlashib, hidlab ko‘rib, so‘ng ortiga qaytgan. O‘shanda bog‘ ishchilari ayiqni ichki xonaga chaqirib olishga muvaffaq bo‘lishgandi.

Toshkent hayvonot bog‘ida ayiq voleriga onasi tashlab yuborgan qizaloqda ochiq bosh miya jarohati va bosh miya chayqalishi aniqlanib, SSV uning ahvoli yaxshiligi va shifokorlar nazoratida ekanligini ma’lum qilgandi.

Shuningdek, uni tashlab yuborgan ayol psixonevrologik dispanser ro‘yxatida turgan, oilada bosimga uchragan va turmush o‘rtog‘i bilan ajrashmoqchi bo‘lgani xabar berilgandi.