Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov va uning oila a’zolariga qarashli bo‘lgan Sevimli TV`ga davlat buyurtmalarini berganligi yuzasidan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgandi.

Toshkent shahar sudlarining xabar berishicha, 21-fevral kuni, JIB Chilonzor tuman sudida unga nisbatan ma’muriy ish yakuniga yetdi va sud qarori e’lon qilindi.

Sud qaroriga ko‘ra Firdavs Abduxoliqov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 175−8-moddasi 4-qismida (davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi. Unga BHMning 30 baravari — 8,1 mln so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Ushbu qaror ustidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan tartib va muddatda apellyatsiya shikoyati yoki protest berish mumkinligi qo‘shimcha qilindi.

Mazkur holat yuqori darajadagi davlat xizmatchisining manfaatlar to‘qnashuvi uchun javobgarlikka tortilgan birinchi holat hisoblanadi.

Xronologiya

Avvalroq, 1-fevral kuni Firdavs Abduholiqov O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy Assotsiatsiyasi boshqaruv raisi lavozimidan ketgandi. Uning o‘rniga Xalqaro press-klub raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja assotsiatsiya rahbari bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Sevimli telekanalidagi “Sabriya” teleseriali tanqididan so‘ng telekanal bosh direktori va bosh muharriri lavozimini tark etgandi, telekanal kuzatuv kengashiga esa vaqtinchalik Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov rahbarlik qiladigan bo‘ldi. Bu AOKA “Sabriya” teleserialiga ekspertiza tayinlanishi ortidan sodir bo‘ldi. “Gazeta.uz” bu holat telekanal davlat buyurtmasi asosida filmlar suratga olishida manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkinligi haqida yozgandi. Sababi Sevimli telekanali ta’sischilari Firdavs Abduholiqovning qizi va o‘g‘li (Amira Rashidova — 20%, Abdullajon Abduxoliqov — 10%) hisoblanadi.

Keyinchalik Kinematografiya agentligi matbuot xizmati Sevimli telekanalida namoyish etilgan “Sabriya” va “Daydi qizning daftari” seriallari agentlik buyurtmasi asosida suratga olinmaganini ma’lum qildi. Telekanal agentlik bilan hamkorlikda “Orzular palatasi”, “Ona zamin” va “Tuzok” seriallarini suratga olgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov va Sevimli telekanali rahbariyati afillanganligi yuzasidan tekshiruv o‘tkazishi aytildi.

Uning natijalariga ko‘ra, Firdavs Abduxoliqov va uning turmush o‘rtog‘i, qizi hamda o‘g‘li ta’sischilari bo‘lgan Sevimli TV o‘rtasida shartnomalar tuzish va subsidiyalar ajratishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Shundan so‘ng hujjatlar qonuniy chora ko‘ri uchun Bosh prokuraturaga yuborilgandi.