Markaziy bank matbuot xizmati rahbari Akmal Nazarov AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda 2021 yilda iste’molchilar huquqlariga amal qilmagan tijorat banklari va moliya tashkilotlari haqida ma’lumot berdi.

Markaziy bank tekshiruvlari natijasida yil davomida 16 ta tijorat banki va 8 ta mikrokredit tashkilotidan jami 1 mlrd 177 mln so‘m miqdorida jarimalar undirilgan. Bunga ularning xizmatlaridan foydalangan iste’molchilarning huquqlarini buzgani sabab bo‘lgan.

“Banklarga nisbatan ko‘rilgan choralar ta’sirchanligini oshirish maqsadida undirilgan jarimalarning 829 mln so‘mi yoki 70 foizi qoidabuzarliklar yo‘l qo‘yilishiga sababchi bo‘lgan banklarning 466 nafar mas’ul xodimi hisobidan qoplandi”, — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, tijorat banklari tomonidan qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan 269 nafar xodimlariga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan. Xususan, 152 nafar xodimga “xayfsan” berilgan, 100 nafar xodimning ish haqidan jarima undirilgan va 17 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Akmal Nazarovning so‘zlariga ko‘ra, 26 ta tijorat bankining jami 529 ta muassasasida omonat xizmatlari ko‘rsatilishining sifati, axborotlarning to‘liq va to‘g‘ri berilishi hamda omonatni rasmiylashtirish jarayonlari “sirli mijoz” tartibida o‘rganilgan.

Bundan tashqari, 92 ta murojaat bo‘yicha bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari tiklanishiga ko‘maklashilgan va iste’molchilarga jami 25,4 mlrd so‘mlik mablag‘larini qaytarib berilishi ta’minlangan.