Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya) Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti, «Gazeta.uz» kolumnisti Dilmurod Yusupov «Ochiqchasiga gaplashamiz» shousining nogironligi bor shaxslar haqidagi ko‘rsatuviga munosabat bildirdi. Quyida uning fikrlarini juz’iy tahrir bilan e’tiboringizga havola etamiz.

Bugun Amirxon Umarovning «Ochiqchasiga gaplashamiz» shousida «Cheklanmaganlar» haqidagi ko‘rsatuvni tomosha qildim va afsuslandim. Boshida aytib o‘taman, ko‘rsatuvga taklif etilgan mehmonlarning ko‘pini shaxsan taniyman va hurmat qilaman — ularga hech qanday e’tirozim yo‘q. Ammo ushbu ko‘rsatuvni tayyorlagan nogironligi bo‘lmagan shaxslar uchun o‘zimni xulosamni bermoqchi edim.

Ko‘rsatuvning maqsadini Amirxon boshida va oxirida o‘zi aytib o‘tdi. Har doimgidek nogironligi bo‘lgan insonlar boshqalarda shukronalik hissini uyg‘otish maqsadida vosita sifatida ishlatilgan. Boshqacha qilib aytganda, qattiq tushkunlikka (depressiyaga) tushib qolib, o‘zi nima qilishni bilmayotgan inson «Cheklanmaganlarni» ko‘rib, ilhomlanib o‘rnidan turib harakat qilishga tushib ketishi kerak. Ya’ni nogironligi bor insonlar tushkunlikda o‘tirganlar uchun na’muna yoki ibrat qilib ko‘rsatilgan. Amirxon aytganidek: «Boshqalar o‘z hayotini tahlil qilish uchun oyna» yoki «Ko‘pchilikda motivatsiya tuyg‘usini uyg‘ota oladiganlar».

Bunday holatlarda ko‘pincha «imkoniyati cheklangan bo‘lsada» degan ibora ishlatiladi. Misol: Garchi ularga nisbatan «imkoniyati cheklangan» so‘zi qo‘llansada ular «cheksiz imkoniyatlar sohibi» yoki «cheklanmaganlar». Yoki «imkoniyati cheklangan bo‘lsada maqsad va orzulari yo‘lida to‘xtamagan». Nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan bunday yondashuv muammo aynan shaxsning o‘zida va faqatgina uning harakatiga bog‘liq degan tushunchani targ‘ib qiladi. Ilmiy tilda bu nogironlikning individual modeli — ya’ni nogironlik bu shaxsiy tragediya va uni yengib o‘tish faqat insonning o‘z qo‘lidaligi tushuniladi.

Ammo, hattoki Toshkent shahrida binolar va ijtimoiy infratuzilma obyektlarining 85 foizi nogironligi bor fuqarolar foydalanishi uchun moslashtirilmagan, jismoniy nogironligi bo‘lgan bolalar sifatsiz uy ta’limini olishga majbur bo‘lgan, mehnat bozorida nogironlik beligisi bo‘yicha ish beruvchilar ochiqchasiga kamsitayotgan bir paytda «Hammasi o‘z qo‘lingizda!» deb murojaat qilish qanchalik to‘g‘ri deb bilasiz? Xuddi jamiyatimiz nogironligi bor insonlar uchun turli xil atrof-muhit va munosabatga bog‘liq to‘siqlarni qo‘yib, ularni yengib o‘tishlarini tomosha qilib o‘tirganimizdek. Hech narsaga qaramay bu to‘siqlarni yengib o‘tganlarga «ofarin», to‘siqlar tagida qolib ketganlar esa avtomatik tarzda «boqimandalarga» aylanadi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi vakili Barno Yo‘ldoshbekova amaldorlarimiz takror va takror ta’kidlab kelayotgan «xalqimizdagi avjiga olib borayotgan boqimandalik» haqida gapirdi. Biz qaysi me’zonlarga asoslanib insonlarni «boqimanda»ga chiqaramiz? Misol uchun, nogironlik nafaqasini oluvchisi bu «boqimandami»? Jamiyatimizning o‘zi nogironligi bo‘lgan shaxslarga barcha qatori sifatli ta’lim olishga va munosib mehnat qilishga imkoniyat yaratmasdan xayriya va turli xil bayramlar qilib ularni «boqimandalikka» chorlagan emasmi? Nega ko‘rsatuvda jamiyatimizdagi muammolar haqida gapirilmadi?

Yana bir muhim jihat, ko‘rsatuvda malakali psixolog ishtirok etmasdan, juda nozik masalalar muhokama qilindi. Nogironlik holatini orttirish tufayli tushkunlik (depressiya) holatiga tushib qolgan insonlarga namuna sifatida yutuqlarga erishganlarni ko‘rsatish foyda berishi isbotlanganmi? Yoki nogironligi bo‘lmagan tomoshabinlarimiz ko‘rsatuvimiz mehmonlarini ko‘rib, huzr topishlari kutilganmi. «Qanday baxtli inson ekanman, menining qo‘l-oyoqlarim but va ko‘zlarim ko‘radi, shunga shukr qilishim kerak emasmi?» degan shukronalik hissini uyg‘otishimiz kerakmi?

Bo‘lmasam bir «yaxshi» taklifim bor! Alohida bir bog‘ tashkil qilaylik va u yerga turli xil nogironligi bo‘lgan va yutuqlarga erishgan shaxslarni qo‘yib, joylab, «yetti muchasi sog‘» depressiyaga tushganlarni taklif qilib aylantiraylik. O‘zi boshqa insonlarning nogironlik holatini ko‘rib ilhomlanish qanchalik insoniylik fazilatlarimizga to‘g‘ri keladi? Nega aynan nogironlik holatidan kelib chiqib insonlar boshqalarga ilhom baxshida qilishlari mumkin?

Taajjubga keltirgan yana bir narsa, bu Amirxonning ko‘zi ojiz mehmonlarga bergan iltimosi: «Studiyamizni tasvirlab bering!». Nogironligi bo‘lgan shaxslar cheksiz imkoniyat va qobiliyatlarga ega super qahramonlar emas, balki hammaga o‘xshagan oddiy insonlardir.

Oynani «menga u kerak, menga bu kerak, menga uni qilib bering» deydiganlar uchun emas, balki jamiyatimiz va amaldorlarimiz o‘zlariga bir tutib ko‘rishlari kerak. Muammo — noadekvat va haligacha barcha ehtiyojmand aholi qatlamlarini qamrab olmagan ijtimoiy himoya tizimimizda, inklyuziv ta’lim rivojlanmaganligida, ishga qabul qilish jarayonida nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitishda va umuman turli xil nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratilmaganligida!

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.