Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov chorshanba kuni fuqarolar va jurnalistlar bilan uchrashib, ularni Bobur ko‘chasini rekonstruksiya qilishning dastlabki loyihasi bilan tanishtirdi. U binolarning fasadlarini yangilash, velosiped yo‘laklarini tashkil etish va piyodalar yo‘laklarini obodonlashtirishni o‘z ichiga oladi. Buyurtmachi — Toshkent shahar hokimligi.

«Bobur ko‘chasini rekonstruksiya qilish loyihasi dastlabki hisoblanadi. Nima qilishni rejalashtirganimizni ko‘rsatib, shu yerda yashovchi fuqarolarning fikrini bilmoqchimiz», — dedi Anvar Sayfutdinov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, rekonstruksiya ishlari Bobur ko‘chasining Toshkent xalqaro aeroporti yaqinidagi ko‘prikdan Yakkasaroy tumani hokimligi binosigacha (sobiq Poyabzalchilar madaniyat saroyi) bo‘lgan qismida amalga oshiriladi.

Loyiha 20 dan ortiq obyektni qamrab oladi. Ulardan to‘rttasi me’moriy yodgorlik bo‘lib, moddiy madaniy meros obyektlari davlat reyestriga kiritilgan. Ular — 1930 yilda qurilgan sobiq Poyabzalchilar madaniyat saroyi, «ToshkentboshplanLITI» ITI (XX asr), sobiq To‘qimachilar madaniyat saroyi (1938−1940), shuningdek, 7-ikki qavatli uy (1936).

Tuman hokimining ta’kidlashicha, madaniy meros obyektlarini rekonstruksiya qilish ishlari Madaniy meros agentligining Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan qaysi qurilish materiallaridan, rang palitrasi va bezak elementlaridan foydalanish bo‘yicha fikr va tavsiyalari berilganidan so‘ng boshlanadi.

Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligining ixtiyoriy jamoatchi inspektori Oksana Piontkovskaya me’moriy yodgorliklar restavratsiyaga muhtojligini, ammo binolar fasadini tanib bo‘lmas darajada o‘zgartirish shart emasligini ta’kidladi.

«1, 3 va 5-turar-joy binolari yagona tarixiy me’moriy ansamblni o‘zida namoyon etadi. Barcha binolar sobiq Poyabzalchilar madaniyat saroyiga bo‘ysunadi. Ularning asl ko‘rinishlari qaytarilishi kerak. Eskizlarda zamonaviy materiallardan foydalanilishini ko‘rib turibman. Avvalgi ko‘rinishdan asar ham yo‘q», — dedi Oksana Piontkovskaya.

Tuman hokimligi qolgan obyektlarni rekonstruksiya qilish masalasini shahar bosh arxitektori bilan muhokama qilmoqchi.

Tuman hokimi taqdim etgan loyiha Sigma Tashkent xususiy korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan. Asosiy e’tibor binolarning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishga qaratilgan. Xususan, balkonlarni tartibga keltirish, fasadlarni dekorativ elementlar bilan bezash rejalashtirilgan.

«Asosiysi — bu yerni go‘zal qilish», — dedi Anvar Sayfutdinov.

Infratuzilmadagi o‘zgarishlar velosiped yo‘lini tashkil qilishni o‘z ichiga oladi. Bobur ko‘chasining Islom Karimov shoh ko‘chasi bilan kesishgan qismidan Nukus ko‘chasi bilan chorrahasigacha cho‘ziladi. Ko‘chaning ikki tomoniga piyodalar yo‘laklari barpo etish, sug‘orish tizimini yaratish rejalashtirilgan. Piyodalar yo‘laklari LED-lampalar bilan yoritiladi.

Tuman hokimi rekonstruksiya boshlanganida shaxsan o‘zi uchastkalarni aylanib, muammolarni joyida hal qilishga va’da berdi.

Bobur ko‘chasini rekonstruksiya qilish loyihasini muvofiqlashtirish va tasdiqlash jarayoni, Anvar Sayfutdinovning so‘zlariga ko‘ra, ikki-uch oy davom etishi mumkin. Shundan so‘ng, hisob-kitoblar bilan ishlash va pudratchilarni qidirish boshlanadi.