Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Yoshinori Fujiyama hamda BMTning narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi mintaqaviy vakili Ashita Mittal 17 fevral kuni Toshkentda «Markaziy Osiyodagi Chegaraviy hamkorlik idoralari funksiyalarini kuchaytirish orqali mintaqa ichida transchegaraviy hamkorlikni kengaytirish» loyihasi doirasida umumiy qiymati 471 million iyena (taxminan 4,1 million dollar)ga teng almashuv notalarini imzoladi.

Bu haqda «Gazeta.uz»ga Yaponiya elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.

«Markaziy Osiyo opium va geroin uchun xom ashyo hisoblangan ko‘knori nashasini ishlab chiqaradigan dunyodagi eng yirik davlat hisoblangan Afg‘oniston bilan chegaradosh bo‘lib, kelib chiqishi afg‘onlar bilan bog‘liq giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanmasiga marshrut sifatida xizmat qiladi», — deyiladi xabarda.


Memorandumga imzo chekish marosimida ta’kidlandiki, toliblarning Afg‘onistondagi harakatlari mamlakatda noqonuniy narkotiklar savdosi oshishiga va ularning Markaziy Osiyoga oqimi yuzaga kelishiga xizmat qilishi mumkin.

«Markaziy Osiyo mamlakatlarida chegara nazorati unchalik kuchli emas va uning imkoniyatlarini mustahkamlash ortga qoldirib bo‘lmaydigan masala sanaladi», — deyiladi xabarda.

Loyiha Markaziy Osiyo mamlakatlari — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonga chegara-o‘tkazish punktlari funksiyalarini mustahkamlash maqsadida uskunalarni yetkazib berish, shuningdek, giyohvandlikka qarshi kurash sohasida kadrlar malakasini oshirish maqsadida ularni o‘qitishni nazarda tutadi.

Ushbu hamkorlik chegara nazorati, narkotikka qarshi kurash va Markaziy Osiyoning beshta davlatlari orasida mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish orqali Markaziy Osiyo mintaqasining barqarorligi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shishi kutilmoqda.