Yanvar oyida O‘zbekiston avtomobil bozorida jadal o‘sish kuzatildi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Markaz tahlillariga ko‘ra, 2022 yil yanvar oyida 113,2 ming dona avtotransport vositalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu ko‘rsatkich 2021 yilning yanvariga nisbatan 126,4 foizga, 2020 yil yanvar oyiga nisbatan esa 138,4 foizga ko‘proq hisoblanadi. Shu bilan birga 2021 yilning dekabriga nisbatan o‘sish sur’ati 96,5 foizni tashkil etdi.

Ro‘yxatga olingan va qayta ro‘yxatdan o‘tgan avtomobillar sonini o‘zgarishi indeksi

Yanvar oyida birlamchi bozordan sotib olingan avtomobillar soni 27,9 mingtani tashkil etgan. Yil boshidan buyon avtomobillar savdosi 2021 yil dekabr oyiga nisbatan 2,7 foizga oshdi.

Ekspertlar avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazishlar sonining keskin darajada o‘sishini 2022 yil 1 yanvardan avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘imning to‘liq bekor qilinishi hamda oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun undiriladigan davlat bojini BHMning 3 barobari (810 ming so‘m) miqdorida belgilanishi bilan izohlashmoqda.

Ikkilamchi bozor

Qayd etilishicha, 2022 yil yanvar oyigacha fuqarolar ikkilamchi bozordan sotib olingan avtomobillarni oldi-sotdi shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ortiqcha xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun «umumiy ishonchnoma» (gendoverennost) rasmiylashtirishni afzal ko‘rgan. Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar natijasida avval «umumiy ishonchnoma» bo‘yicha avtomashina sotib olgan fuqarolar avtotransportni o‘z nomiga rasmiylashtira boshlagan.

«Bozorning o‘sishi asosan foydalanilgan avtomobillarni sotish va sotib olish hisobiga ta’minlandi. Ikkilamchi bozorda xarid qilingan avtomobillar soni 85,3 mingtaga (2021 yil dekabriga nisbatan o‘sish 180 foizdan ko‘proq) yetdi», — deyiladi ITIM ma’lumotida.

2021−2022 yilda birlamchi va ikkilamchi bozorlarda sotilgan avtomobillar

Ikkilamchi bozordan sotib olingan avtotransport vositalarini rasmiylashtirishlar soni eng ko‘p bo‘lgan hududlar Toshkent shahri — 13,6 ming (2021 yil dekabrda — 2,1 ming), Samarqand — 9,7 ming (3,7 ming), Farg‘ona — 9 ming (2,9 ming), Namangan — 8,1 ming (2,7 ming), va Andijon — 7,2 ming (2,3 ming) viloyatlari bo‘ldi.

Yangi avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishlar soni Samarqand (95,6%), Surxondaryo (89,4%), Navoiy (75,4%) va Farg‘ona (60,5%) viloyatlarida sezilarli darajada oshgan bo‘lsa, Toshkent shahrida (-44,7%) va Toshkent viloyatida (-0,9%) kamayish kuzatildi.

2021−2022 yil yanvar-noyabr oylarida ichki bozorda sotilgan yangi yengil avtomobillar

Shuningdek, «inomarkalar» oldi-sotdi shartnomalari soni 1,9 mingtani tashkil etib, 2021 yil dekabr oyiga nisbatan 41 foizga kamaygan (2021 yil yanvar oyiga nisbatan o‘sish — 71%).

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 fevral kuni O‘zbekistonda mashinasozlik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi, va mazkur yig‘ilish asnosida ichki talabni qondirish maqsadida birinchi yarim yillikda 160 mingta, yil yakuniga qadar 275 mingta avtomobil ishlab chiqarish zarurligini qayd etdi.

Shu bilan birga, prezident yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasiga 3 kun muddatda import avtomobillari uchun bojxona boji stavkalarini 2 barobarga — 30 foizdan 15 foizgacha pasaytirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritishga topshiriq berdi.