Qashqadaryo viloyati Muborak tumani hokimiga hayfsan berildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot kotibi xabar berdi.

14 fevral kuni viloyat hokimi rahbarligida o‘tgan yig‘ilishda Muborak tumani hokimi Akrom Aripovga faoliyatidagi kamchiliklar, tadbirkorlar va fuqarolar murojaatlariga e’tiborsiz qaragani uchun «hayfsan» berildi.

Shuningdek, majlisda viloyat hokimi Murotjon Azimov sektor rahbarlarini viloyat markaziga chaqirish kamaytirilishi kerakligini ta’kidlagan.

«Sektor rahbarlarini Qarshi shahriga chaqirish meni ruxsatim bilan amalga oshiriladi endi. Yig‘ilishni kamaytirib, umumiy topshiriqlarni Zoom orqali qisqa tushuntirsa, rahbarlarning ko‘p vaqti yo‘lda o‘tmaydi», — dedi viloyat hokimi.

Akrom Aripov Muborak tumaniga 2021 yil iyun oyida hokim etib tayinlangan edi, ungacha Qarshi tumani hokimi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.