Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tugatilib, u vazirlik tarkibida boshqarma sifatida qayta tashkil etilishi mumkin.

Buni adliya vaziri Ruslanbek Davletov 7 fevral kuni OAV oldidagi yillik hisoboti vaqtida tasdiqladi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, DXA bo‘yicha o‘zgarishlarni vazir emas, balki prezident hal qiladi.

«Bu prezidentimizning g‘oyasi, prezidentimiz mana shuni kiritdi. [DXA] 3−4 yilda yaxshi natijalar berdi, to‘g‘ri kamchiliklardan holi emas. Lekin harakat qilayapti. Bir yilda 11 mln odam shu yerga (xizmat olish uchun — tahr.) kirib ketayapti. Bu tizimga 2016 yilda 137 ming odam xizmat olish uchun kelgan. Farqini, necha baravar oshganini ko‘rayapsiz-ku», — dedi u.

Ta’kidlanishicha, Adliya vazirligining bu boradagi takliflari hali yakuniga yetmagan.

«Bizni takliflarimiz hali oxirigacha yetgani yo‘q. Qanday bo‘lsa, shunday bo‘ladi. Balki alohida tashkilot bo‘lar, o‘zi jamoatchilik agentliklarni kamaytiringlar deb bong urib yotipti. Balki kamaytirarmiz, lekin hech qachon davlat xizmatlari tizimi yo‘qolib ketmaydi, u rivojlanadi, u yerdagi xodimlar ham, xizmatlar ham ko‘payadi. [Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi] 10 yillardan keyin juda katta bo‘g‘imga aylanadi. Hamma elektron [xizmat]ga o‘tib ketadi… Shuning uchun bu sohani o‘zgartirish yoki boshqa qilishni hammasini prezident hal qiladi», — dedi Ruslanbek Davletov.

«Gazeta.uz»ning hukumatdagi manbasi aniqlik kiritishicha, DXAni tugatib, Adliya vazirligi tarkibida alohida boshqarma sifatida tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, DXA prezidentning 2017 yil 12 dekabrdagi [PQ-3430-son] qaroriga muvofiq, Adliya vazirligi huzurida tashkil etilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 yanvardagi [70-son] qaroriga ko‘ra, boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlaridan, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan mustaqil hisoblanadi, faqatgina vazirlikka hisobot berib boradi.

Qolaversa, agentlikda budjetdan tashqari jamg‘arma tashkil etilgan va quyidagilar hisobiga shakllanadi:

  • tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat boji, DXMlar va ularning filiallari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari uchun to‘lanadigan davlat bojlari, yig‘imlar va barcha turdagi to‘lovlar summasining 20 foizi;
  • arizachilar my.gov.uz portali orqali mustaqil yuborgan murojaatlariga asosan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari uchun to‘lanadigan davlat bojlari, yig‘imlar va barcha turdagi to‘lovlar summasining 10 foizi;
  • FHDYO organlari tomonidan undiriladigan davlat boji summasining 16 foizi;
  • gerbli guvohnomalar berganlik uchun undiriladigan gerb yig‘imi summasining 85 foizi miqdoridagi mablag‘lar;
  • mansabdor shaxslar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibi buzilganligi uchun qo‘llaniladigan ma’muriy jarimalar summasi.

Hozirga qadar respublika bo‘ylab 12 ta hududiy boshqarma, 207 ta Davlat xizmatlari markazi va markazlarning 156 ta olis hududlardagi filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ayni vaqtda DXMlar orqali jami 170 ta xizmat ko‘rsatilmoqda. Shundan 50 tasi bepul, qolgan 120 tasi esa pullik xizmat hisoblanadi.

Agentlik tashkil etilgan kundan 2022 yil 1 fevralga qadar 40 mlnga yaqin davlat xizmati ko‘rsatish bo‘yicha murojaatlarni qabul qilgan. Birgina, 2021 yilning o‘zida DXA tomonidan 11 mlndan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilgan.