Bo‘stonliqdagi «Yoshlik» bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi negizida «Renessans» sog‘lomlashtirish oromgohi tashkil etiladi. Bu haqda 9 fevral kuni Vazirlar mahkamasining qarori qabul qilindi.

Ushbu hudud avval «O‘zmetkombinat» AJ tuzilmasidan Prezident ta’lim muassasalari agentligi tasarrufiga o‘tkazilgan hamda kelgusi 10 yil davomida oromgohni saqlash bilan bog‘liq xarajatlar «O‘zmetkombinat» AJ tomonidan ajratiladigan homiylik xayriyalari hisobidan qoplanishi aytilgan.

Quyidagilar oromgoh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • bolalarni sog‘lomlashtirish, ularni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish, jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirish;
  • yoshlarning IT, STEAM (ilm-fan, texnologiya, muhandislik, san’at, matematika), biznes boshqaruvi, ijod sohalaridagi iqtidorini rivojlantirish;
  • yoshlarni tadbirkorlikka o‘rgatish, tashabbuslar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash;
  • imkoniyati cheklangan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash;
  • iqtidorli yoshlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirish va ular bilan tizimli ishlash mexanizmlarini joriy etish;
  • o‘quvchilarni xalqaro fan olimpiadalari va tanlovlarga samarali va intensiv holda tayyorlash;
  • agentlik tizimidagi rahbar va pedagog kadrlarning qisqa muddatli malaka oshirish kurslari, metodologik amaliyoti, xalqaro ekspertlar ishtirokida mahorat darslari va boshqalarni o‘tkazish.

Oromgoh yil davomida faoliyat yuritadi, unda iqtidorli bolalar dam oladi va o‘qitiladi.

Quyidagilar oromgoh faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi:

  • «O‘zmetkombinat» AJ tomonidan ajratiladigan homiylik xayriyalari;
  • Prezident ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining mablag‘lari;
  • startap loyihalarni va xizmatlarni amalga oshirishdan olinadigan daromadlar;
  • yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
  • xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarining grantlari.