Soat 17:20da yangilandi. O‘zbekiston Mudofaa vazirligining munosabati qo‘shildi.

Amerikaning AeroVironment kompaniyasi AQShning tashqi harbiy sotuvi (FMS) dasturi doirasida O‘zbekistonga Puma 3 AE uchuvchisiz uchish qurilmalarini yetkazib beradi. Bu haqda Shepard Defence Insight sayti xabar bermoqda.

Umumiy qiymati 8,54 mln dollarlik shartnoma bo‘yicha ishlar 2022 yilning 30 noyabrigacha yakunlanishi rejalashtirilgan.

AQSh Mudofaa vazirligi shartnoma bo‘yicha necha dona Puma 3 AE tizimlarini yetkazib berish ko‘zda tutilganini ochiqlamagan bo‘lsa-da, Shephard Defence Insight bunday harbiy dronning bittasi taxminan 225 ming dollar turishini ta’kidlaydi. Bu esa O‘zbekistonga 38 taga yaqin uchuvchisiz uchish qurilmasi yetkazib berilishini anglatadi.

Puma 3 AE harbiy harakatlar zonasida bo‘linmalarga real vaqtda razvedka ma’lumotlarini to‘plash imkonini beradi. Apparat quruqlikda va dengizda qo‘llanilishi mumkin, uni bir kishi olib yuradi, qo‘ldan ishga tushiriladi.

Dron qanotining kengligi — 9,2 futga teng (2,8 m), maksimal uchish vazni — 15 funt (6,8 kg). Uchuvchisiz uchish qurilmasi suv o‘tkazmaydi, suv ustiga qo‘na oladi, stabillashgan elektro-optik va infraqizil kameralar to‘plami bilan jihozlangan. Parvoz davomiyligi — 2,5 soatga yaqin. U kunning istalgan vaqtida uzluksiz monitoring va yuqori aniqlikdagi tasvirlar bilan ta’minlay oladi.

Keyinroq O‘zbekiston Mudofaa vazirligi ushbu xabarga munosabat bildirdi:

«Hech kimga sir emaski, amerikalik uchuvchisiz uchish apparatlari ishlab chiqaruvchilari jahonda bunday apparat ishlab chiqarishda yetakchilardan hisoblanadi, shuning uchun ham o‘zbekistonlik mutaxassislar tomonidan ularga ma’lum qiziqish bildirilmoqda, biroq bugungi kunga qadar RQ-20 „Puma“ uchuvchisiz uchish apparatini sotib olish masalasi ko‘tarilmagan», — deyiladi vazirlik xabarida.