Jizzax viloyati Arnasoy tumanida tadbirkor xususiy korxona rahbarini otib o‘ldirdi, deb xabar bermoqda Ichki ishlar vazirligi. Hodisa 3 fevral kuni yer talashish tufayli yuz bergan.

Xabarda aytilishicha, Arnasoy tumani «G‘afur G‘ulom» mahallasida yashovchi 54 yoshli tadbirkorning yeriga Paxtakor tumanida yashovchi xususiy korxona rahbari (1960 yilda tug‘ilgan) tuman sudining qaroriga asosan yerni olish uchun Forish tumani MIB xodimlari bilan birga borgan vaqtda o‘rtada janjal kelib chiqqan.

Arnasoylik tadbirkor o‘ziga tegishli ov miltig‘i bilan xususiy korxona rahbarining o‘ng ko‘krak qismiga bir marta otib, tan jarohati yetkazgan. Oqibatda jabrlanuvchi tuman tibbiyot birlashmasiga olib ketilayotganda vafot etgan.

Avvalroq Toshkentning Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida Spark haydovchisi yo‘l o‘rtasida mashinadan tushib, «VAZ-2199» avtomobiliga pnevmatik to‘pponchadan o‘q uzgan edi.