O‘zbekistonda avtomobil importiga belgilangan bojxona boji o‘ta darajada yuqori, ularni qayta ko‘rib chiqsa bo‘lardi. Bu haqda «O‘zavtosanoat» kompaniyasi boshqaruv raisi Azizbek Shukurov o‘zining Linkedin ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ta’kidlagan.

«O‘zavtosanoat» rahbari o‘rinbosarining posti Kun.uz`da e’lon qilingan iqtisodchi Yuliy Yusupovning «Avtomobil sanoati monopoliyasi tufayli qancha yo‘qotyapmiz?» nomli maqolasiga javob tariqasida yozilgan.

Iqtisodchi o‘z maqolasida sertifikat olishni avtomobillar importida, jumladan, chet eldagi brend avtomobil ishlab chiqaruvchilari mahsulotlari importidagi to‘siqlardan biri ekanligini qayd etgan. U hech bo‘lmaganda xalqaro miqyosda tan olingan sertifikatlarga ega bo‘lgan modellar uchun majburiy sertifikatlashdan voz kechishni taklif etgan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ham respublika hududiga olib kiriladigan avtotransport vositalarini sertifikatlashtirish va klimatik sinovlar tartibining murakkabligi, xorijiy korxonalar dillerlari tomonidan import avtomobillarga O‘zbekiston hududida standartlashtirish va klimatik sinov talablari me’yoridan ortiq qo‘yilganligi qayd etgandi.

Azizbek Shukurov dunyodagi avtomobil sanoatiga ega qaysi davlatda sertifikatlashtirish talablari yo‘qligi bilan qiziqqan. Shuningdek, u «O‘zstandart» tomonidan BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi sertifikatlarini tan olishini, masalan, Xitoy va AQSh bunday sertifikatlarni tan olmasligini va ular «o‘ziga xos talablar asosida sertifikat olishni talab qilishlarini» ta’kidlagan.

Yuliy Yusupov respublika hududiga sertifikatlash maqsadida importyor tomonidan olib kiriladigan avtomobillar uchun belgilangan klimatik sinovlar tartibiga to‘xtalgan. «O‘zavtosanoat» rahbari o‘rinbosari bunday talab jismoniy shaxslar uchun o‘rnatilmaganini aytgan.

Iqtisodchi o‘z hisob-kitoblariga asoslanib, sertifikatni qo‘lga kiritish uchun import qiluvchi o‘rtacha 51,3 ming yevro sarflashga majbur bo‘lishini qayd etgan.

«Avtomobil markasining o‘rtacha aktualligi vaqti — 3 yil atrofida. Bu davrda yuqori yakuniy narxlar hisobga olinsa, importyor O‘zbekistonda ko‘p avtomobil sotolmaydi. Aytaylik, bitta sertifikat bilan (eslatib o‘taman, u ma’lum bir dvigatelga ega ma’lum bir markadagi avtomobil uchun beriladi) 3 yil ichida o‘rtacha 20 ta mashina sotishi mumkin. Bitta o‘rtacha avtomobilning narxi shunda 2565 yevroga (51300/20) oshishi kerak. Ayni paytda jismoniy shaxs uchun sertifikatlash narxi har bir avtomobil uchun 3,5−4 million so‘mni tashkil etadi», — deb yozgan u.

Azizbek Shukurov qaysi ishlab chiqaruvchi/importyor 3 yil ichida 20 ta avtomobil sotish bo‘yicha biznes-reja tuzishi va bunday holda kichik hajm sertifikatlashtirish talabi bekor qilingan taqdirda ham dilerlik shoxobchasini tashkil etish/saqlash uchun sarmoyani qay tarzda oqlashi mumkinligi haqida savol bergan.

U, shuningdek, (tegishli sertifikatga ega) Rossiyada ishlab chiqarilgan deylik, Lada avtomobillaridan, bojxona boji undirilmasligini ta’kidlagan.

U Uzauto Motorsning budjet segmentidagi avtomobillari narxi xuddi o‘sha General Motors tomonidan boshqa davlatlarda ishlab chiqarilgan shu markadagi avtomobillarga nisbatan arzonroqligini qo‘shimcha qilgan.

«Misol uchun, Koreyada Chevrolet Spark narxi — 8 ming dollar atrofida va undan yuqori (O‘zbekistonda 73,4 mln so‘mdan boshlanadi — tahr.), Nexia Misrda — 11 ming dollar atrofida va undan yuqori (Uzauto Motors — 87,3 mln so‘mdan), Cobalt Braziliyada — 15 ming dollar atrofida va undan yuqori (Uzauto Motors — 97 mln so‘m atrofida)», — deya xabar qildi u.

«Shu bilan birga, bojxona boji qiymati yuqoriligi va ularni qayta ko‘rib chiqish mumkinligi haqidagi fikrga qo‘shilaman», — deya qo‘shimcha qilgan kompaniya vakili. Hozirda inomarka «rastamojkasi» o‘rtacha hisoblaganda avtomobil narxidan 50 foizga ko‘proqni tashkil etadi, tovar kelib chiqishi haqidagi sertifikat bo‘lmasa, tovar stavkasi mashina narxidan ham qimmatroqqa tushishi mumkin.

Yuliy Yusupov Azizbek Shukurovning savollariga Facebook`dagi postida javob bergan.

Shuni qayd etish lozimki, Braziliya Cobalt avtomobilidan 2020 yilda, Onix ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilganda voz kechgan.

AQSh bozori uchun Chevrolet Spark avtomobili Koreyaning General Motors zavodi tomonidan ishlab chiqariladi. Shu bilan birga Ukraina va MDHning boshqa mamlakatlarida sotiladigan Chevrolet Spark (Ravon R2) O‘zbekistonda yig‘iladi. Koreyada ishlab chiqariladigan avtomobillarga nisbatan ular oldingi avlod sanaladi va o‘lchamlari bilan bir qatorda dizaynida ham sezilarli farqni ko‘rish mumkin.

Bunga qadar, Rasul Kusherbayev UzAuto Motors avtomobillari uchun 85 foizlik oldindan to‘lov miqdorini pasaytirish bo‘yicha hukumatga takliflar tayyorlanayotganini ma’lum qildi. Deputat «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida oldindan to‘lov ko‘pi bilan 50% bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. «Hali ko‘rsatilmagan xizmat va xarid qilinmagan tovar uchun oldindan to‘lov qilinishi mantiqsiz o‘zi», — dedi u. Qolaversa, Kusherbayev avtomobil importi bo‘yicha bojxona bojini kamaytirish masalasiga ham to‘xtalib, bu qarorni qabul qilishga qat’iy jur’at kerakligini ta’kidladi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» UzAuto Motors kompaniyasi 2021 yilning olti oyida 1,9 trillion so‘mlik ($177,6 mln) bojxona imtiyozlari va preferensiyalarini olgani haqida xabar bergan edi. Bu prezident va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari bilan ta’minlangan bojxona boji, aksiz va QQS bo‘yicha imtiyozlardir. Ishlab chiqarish hajmi pasaygani bilan, 9 oy yakunlari bo‘yicha avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya o‘zining sof foydasini 5,2%ga — ya’ni 1,23 trln so‘mgacha oshirgan (Markaziy bankning 9 fevraldagi kursi bo‘yicha $114 mln dollarga).

Dekabrda UzAuto Motors kompaniyasi 1 fevralga qadar Nexia, Spark, Cobalt va Lacetti avtomobillariga arizalar qabul qilishni to‘xtatishi haqida e’lon qilgandi. Bu vaqt oralig‘ida kompaniya «avval berilgan buyurtmalar bo‘yicha avtomobillarni ishlab chiqarishni» rejalashtirishini keltirib o‘tgandi. Ammo fevral oyidan boshlab avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya blekaut va olib sotarlar tufayli shartnomalarni qabul qilishni tiklay olmadi.

Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda UzAuto Motors 236,6 mingta avtomobillarni ishlab chiqargan, bu 2020 yildagiga nisbatan 43,4 mingtaga kam degani (15,5%). O‘tgan yilda jami 71082 Cobalt (-11%), 31466 Nexia (-52,6%), 51061 Gentra (+2%), 55068 Damas (+6,5%), 9915 Spark (-56,9%) va 17308 Labo (+91,8%) ishlab chiqarilgan.

Chet elga 28952 ta avtomobil ($281,8 mln) eksport qilingan. Bu bir yil oldingiga nisbatan 10,4 ming avtomobilga kam.