Markaziy bank tomonidan milliy valyuta «So‘m ramzi»ni yaratish bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi, deya xabar berdi regulyator matbuot xizmati.

Tanlov O‘zbekiston milliy valyutasi — so‘mning moliya bozorida xalqaro nufuzini oshirish va keng jamoatchilik o‘rtasida tanilishini ta’minlash maqsadida o‘tkazilayotgani qayd etildi.

Ushbu tanlovda mamlakat milliy valyutasini xalqaro miqyosda o‘ziga xosligi, xalqning madaniy qadriyatlari va boshqalardan ajralib turuvchi xususiyatlarini ifodalovchi eng yaxshi grafik ishlar aniqlanadi.

Tanlovda barcha O‘zbekiston fuqarolari qatnashishi mumkin. Ishtirok etmoqchi bo‘lganlar 2022 yil 31 martga qadar ariza, o‘z g‘oyalari tasviri va konsepsiyasi bilan birgalikda tanlov@cbu.uz elektron manziliga yuborishlari kerak.

G‘olibga Markaziy bank tomonidan pul mukofoti taqdim etilishi ma’lum qilindi. Tanlov qoidalari bilan bu yerda tanishib chiqishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank tijorat banklarining moliyaviy xizmatlari haqida axborot beruvchi www.bankxizmatlari.uz portalini ishga tushirgani haqida xabar berilgandi.