Yangi O‘zbekistonning 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida 2022 yilda gidroenergetika sohasida 7 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xabarda ta’kidlanishicha, yangi loyihalarning umumiy quvvati 173 MVtni tashkil etadi.

Xususan, 2022 yilda quyidagi loyihalar amalga oshirilishi belgilangan:

  • Samarqand viloyatida 3 ta yangi gidroelektr stansiyalar quriladi.
  • Surxondaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlaridagi mavjud 4 ta gidroelektr stansiya modernizatsiya qilinadi.

“Buning natijasida 173 MVt yangi quvvatlar yaratilib, yurtimizda gidroelektr stansiyalarining umumiy quvvati 2 225 MVtga yetkaziladi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, ilgariroq O‘zbekistonda 2026 yilgacha 740 MVtlik 21 ta yirik GES qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi. Shundan 150 MVtlik 12 ta loyihani 2023−2024 yillarda va 420 MVtlik 2 ta loyihani 2025−2026 yillarda amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.