Samarqandlik tadbirkor tovar va xom-ashyo birjasidan ochiq savdolar asosida sotib olgan 100 tonna chigit mahsulotini Qashqadaryodan olib chiqa olmayotganihaqida yozgan edik. Mazkur holat yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘rganish ishlari yakuni bo‘yicha ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, 23 dekabr kuni Samarqandda faoliyat yuritayotgan «Pet agro oil» MCHJning tegishli tartibda birja savdolari orqali Qashqadaryo viloyatidagi «Koson Baxt Tekstil» MCHJdan paxta chigiti sotib olgan. Biroq ushbu chigitni Qashqadaryo viloyatidan olib chiqib ketishda «Umakay» muntazam YPX maskanida Qashqadaryo viloyati IIB YHXB xodimlari tomonidan ushlab turish taqiqlari qo‘yilgan. Tadbirkorning murojaatiga ko‘ra, bu viloyat hokimining topshirig‘i bilan hech qanday asoslovchi hujjatlarsiz bajarilgani tufayli ushbu masalada amaliy yordam berilishini so‘ragan.

Qo‘mita holat bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazdi, unda Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 12 oktabrdagi 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom buzilgani aniqlangan.

«Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 12-moddasi talablari buzilishi orqali, ularga nisbatan 6 yanvar kuni ish qo‘zg‘atilgan. Yuqoridagilarga asosan hokimlik va IIBga tadbirkorning chigit mahsulotlarini Qashqadaryo viloyatidan olib chiqib ketishiga to‘sqinlik qilmaslik choralarini ko‘rish bo‘yicha 12 yanvar kuni 11/2-sonli ko‘rsatma berilgan», — deyiladi xabarda.

Shundan so‘ng yuqorida ko‘rsatilgan tadbirkorlar 20 yanvar kuni o‘zlariga tegishli bo‘lgan chigitni Kashqadaryodan olib chiqib ketgan. Ular qo‘mitaga e’tirozi yo‘qligi, o‘z mahsulotlarini aynan qo‘mitaning aralashuvidan so‘ng olib chiqib ketilganligi xaqida ma’lum qilishgan.

Qolaversa, qo‘mita jazoga tortish, jarima qo‘llash yoki boshqa javobgarlik belgilash vakolatiga ega emasligini eslatib o‘tgan.

«Agar davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va ular mansabdor shaxslarining raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzuvchi harakati (harakatsizligi) tufayli xo‘jalik yurituvchi subyektga yoxud boshqa shaxsga zarar yetkazilgan bo‘lsa, u holda mazkur zararning o‘rnini qoplash yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tadbirkor sudga murojaat etishi mumkin», — deyiladi izohda.

Xronologiya

2 yanvar kuni Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi Gavhar Alimova Qashqadaryodan Samarqand viloyatiga chigitni olib o‘tishni guyoki taqiqlash to‘g‘risida og‘zaki ko‘rsatma bergani uchun Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov ustidan shikoyat qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, viloyat rahbari uning SMS xabarlariga javob bermagan hamda uning to‘rt kun davomida yukni o‘tkazish masalasini hal qilish borasidagi sa’y-harakatlari zoye ketgan.

3 yanvar kuni kechqurun Umidjon Toirov Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Nodir Erkayev bilan uchrashganini aytmoqda. Nodir Erkayev tadbirkor bilan suhbatda IIBga hokimlik tomonidan hech qanday topshiriq berilmaganini bildirgan.

«IIB hokimlik topshirig‘i desa, hokimlik biz topshiriq bermaganmiz desa, kimga ishonishni ham bilmay qoldik», — deydi Umidjon Toirov.

Shu kuni viloyat hokimligida Erkin To‘xtayev degan kishi ham o‘zini mas’ulman deb tanishtirgan va Toirovga «Hujjatlarimizda kamchilik bor ekan, to‘g‘riladik», deb tushuntirish xati yozib berishni so‘ragan. Narsh ma’lumotlariga ko‘ra, Erkin To‘xtayev — Qashqadaryo viloyat hokimligi huzuridagi axborot siyosati bo‘yicha doimiy komissiya raisi hisoblanadi.

4 yanvar kuni Qashqadaryo viloyati hokimiyati Samarqand viloyatiga olib ketilayotgan chigit mahsulotlari ortilgan uchta yuk mashinasi tegishli hujjatlari bo‘lmaganligi uchun to‘xtatib qolinganini sabab qilib ko‘rsatgandi.

«Marokand Gold Oil Extraction olib ketayotgan chigit mahsuloti bo‘yicha QR kodga ega bo‘lgan hisobvaraq-faktura bo‘lmaganligi va taqdim etilgan hujjatlarda shubha tug‘ilganligi sababli 3 ta yuk transport vositalaridagi chigit mahsulotlari qonuniy ravishda vaqtincha saqlovga olingan», — deyilgandi o‘shanda.

6 yanvar kuni Biznes-ombudsman Qashqadaryodan samarqandlik tadbirkorning 100 tonna chigit mahsuloti chiqarilmayotgani holati yuzasidan viloyat hokimligini «tadbirkorlarning huquqlariga rioya etilishiga doir qonun hujjatlarining buzilishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda tegishli chora ko‘rish bo‘yicha ogohlantirdi». Kompaniya vakili hujjatlarida muammo yo‘qligiga va chigit og‘zaki topshiriq bilan ushlab turilganiga ishontirmoqda.

7 yanvar kuni Qashqadaryo viloyati hokimligi tashabbusi bilan, xususan, hokimning matbuot kotibi Ahror Sodiqov Telegram kanalida chigit to‘xtatib qolinganiga «texnik xatolik tufayli ta’minotchi korxona urug‘lik chigit berib yuborganligi» sabab qilib ko‘rsatildi.

Samarqandlik tadbirkorning auksion orqali sotib olgan 100 tonna chigit mahsuloti Qashqadaryo viloyatidan chiqarilmaganiga ta’minotchi klaster urug‘lik chigit berib yuborgani sabab qilib keltirildi.

«Qashqadaryo viloyati bo‘yicha hamma fermer xo‘jalik, klasterlarga biz urug‘ (chigit) tayyorlab beramiz. Holat shunday bo‘ldiki, paxta zavoddagi bizni mas’ul xodimlar chigitni birjaga qo‘yishda noto‘g‘ri xatti-harakatlar bilan urug‘lik chigitni, ya’ni kimyoviy ishlov berilgan chigitni qo‘yib yuborgan… Xatolik bo‘lgan… Shuning uchun biz chigitni qaytarib olish harakatiga tushdik», — degan korxona rahbari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, «hozirgi holatda korxona chigitni qaytarib olib, kimyoviy modda aralashmagan yangi chigitni shakllantirib, tadbirkorga berishi kerak».

Shundan so‘ng, samarqandlik tadbirkorning mahsuloti 10 kunda yetkazib berilishi ma’lum qilindi.

Birinchi marta emas

2020 yilning noyabrida Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari hokimlarining og‘zaki ko‘rsatmasiga binoan postlardagi yo‘l patrul xizmati tomonidan paxta chigitini bir viloyatdan boshqa viloyatga olib o‘tishni taqiqlangandi. Antimonopoliya qo‘mitasining aralashuvidan so‘ng, taqiqlar olib tashlangan edi.

Bunga qadar, Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Nodir Erkayev 4 yanvargacha barcha xodimlar uchun dam olish kuni etib belgilanganiga qaramasdan, yanvar boshidan viloyatdagi hokim yordamchilarini ishga chaqirib olgani haqida yozgandik. «1 yanvardan hamma mahallada ish boshlashi kerak», — deb yozgan u ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratda. Nodir Erkayev 3 yanvar kuni hokim yordamchilari bilan Qamashi tumanidagi mahallalarga ham borgan.