2021 yilda 2700 dan ortiq fuqarolar bank kartalaridan pul o‘g‘irlanganligi haqida ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

IIV matbuot kotibi bu holatlar faqatgina ichki ishlar organlariga kelib tushgan murojaatlar ekanligini ta’kidladi.

IIV matbuot xizmati shu sababli fuqarolarni ogoh bo‘lishga chaqirdi. Shuningdek, bank kartasi ma’lumotlarini va tasdiqlash kodlarini hech kimga bermasliklarini so‘radi. Tasdiqlash kodlarini faqatgina firibgarlar fuqarolardan so‘rashi ta’kidlab o‘tildi.

Bank kartasidan pul o‘g‘irlash holatlari ko‘p uchramoqda

Olx.uz kompaniyasi vakilining “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, plastik kartalardan pul yechib olinishiga doir holatlar bo‘yicha kompaniyaga 2021 yilning oxirgi uch oyida 927 ta murojaat kelib tushgan.

2020 yilda ham bank kartalaridan pul yechib olish holatlari bo‘yicha muammolar kam bo‘lmagan. Jumladan, Kun.uz saytining ushbu holatlar bo‘yicha maqolasida 2020 yilning 6 oyi davomida O‘zbekistonda firibgarlik jinoyatlari soni bir yil oldingiga qaraganda ikki barobarga ko‘pайиб, 3881 tani tashkil etgani haqida so‘z yuritilgan edi.

IIVning “Gazeta.uz"ga taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning 11 oyi davomida respublika bo‘yicha bank kartalaridan pul mablag‘larining o‘g‘irlanishi va firibgarlik yo‘li bilan egallab olinishi bo‘yicha jinoyatlar umumiy soni 2024 tani tashkil etgan. Shundan, 1485 tasi bank kartalaridan foydalanib sodir etilgan firibgarlik (JKning 168-moddasi) jinoyatlarini va 539 tasi bank kartalarida sodir etilgan o‘g‘rilik jinoyatlari ekani bayon etilgan.

Mazkur yo‘nalishda IIV huzuridagi Tergov departamenti va uning quyi bo‘linmalari tomonidan 2021 yilning yanvar-noyabr oylarida jami 1245 ta jinoyat ishlari bo‘yicha dastlabki tergov va surishtiruv harakatlari olib borilgan. Natijada ularning 812 tasi tamomlanib, ayblov xulosasi hamda ayblov dalolatnomasi bilan tegishli sudlov organlariga yuborilgan. 73 tasi Jinoyat-protsessual kodeksining (JPK) 83, 84-moddalari tartibida tugatilgan, 159 tasi JPKning 364-moddasining tegishli bandlariga asosan to‘xtatilgan, 9 tasi tegishli organlarga yuborilgan, 192 tasi esa qoldiqda qolgan.

Markaziy bank tomonidan joriy yilning 7 fevral kuni yuqoridagi holatlar bo‘yicha aholining moliyaviy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha madaniyatini oshirish maqsadida “Moliyaviy xatolar” nomli qo‘shiq va videoklip e’lon qilindi.

Ma’lumot uchun, 2021 yilning 1 dekabr holatiga ko‘ra respublika bo‘yicha masofaviy bank xizmatlaridan foydalanuvchilar soni 20 mln nafardan oshdi. Muomaladagi bank kartalari soni 26,5 mlndan ziyodni tashkil etdi.