Buxoroda ikki qishloq aholisi o‘rtasidagi futbol o‘yini paytida ommaviy mushtlashuv kelib chiqdi. Viloyat IIB holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berib, voqea 5 fevral kuni soat 16:00 atrofida sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

Jondor tumani «Nurafshon» mahallasining «Moxon» qishlog‘ida joylashgan stadionda «Tobagar» va «Chandir» qishloqlari fuqarolari o‘zaro futbol o‘ynagan. Shundan so‘ng ular orasida janjal kelib chiqqan. Bunga nima sabab bo‘lgani haqida ma’lumot berilmagan.

Holatga va ushbu fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritish hamda ularning hatti-harakatlariga qonuniy baho berish maqsadida tezkor surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilingan. Biroq, o‘sha vaqtda IIV ga holat yuzasidan hech kim murojaat qilmagani aytilmoqda.

«O‘yinning tashkil qilinishi, o‘yin davomida sodir bo‘lgan janjal va bu jarayonda biror bir fuqaroning tan jarohati olganligi to‘g‘risida fuqarolarning o‘zi yoki boshqa shaxslar tomonidan Ichki ishlar boshqarmasining 102 avtomatlashtirilgan tizimiga, tibbiy muassasalarga, 103 qisqa raqamli tez yordam xizmatiga, tuman IIB navbatchilik qismi va hududiy profilaktika inspektoriga murojaat kelib tushmagan», — deyiladi xabarda.