O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 3 fevraldagi bir qator qarorlari bilan uchta agentlikda tayinlovlar amalga oshirildi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram-kanalida xabar qilindi.

Xususan, hukumatning 53-sonli qarori bilan Shohruh Hamidovich Rahimov Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi direktori etib tayinlandi. Shohruh Rahimov bunga qadar vazirlikning Koreya Respublikasi bilan investitsion hamkorlikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

Shu bilan birga, xalq ta’limi vaziri maslahatchisi bo‘lgan Ulug‘bek Patxidinovich Qosimxo‘jayev vazirlik huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Ulug‘bek Qosimxo‘jayev (1978 yilda tug‘ilgan) 1997−2000 yillarda «Umid» prezident jamg‘armasi yo‘nalishi bo‘yicha Peys universitetida (AQSh) bakalavr tahsilini olgan. 2018 yilning yozida u O‘zbekistonga Turizm bo‘yicha davlat qo‘mitasida mas’ul lavozimga taklif qilingan edi.

Bundan tashqari, hukumat qarori (56-son) bilan Rustamxon Kamalxanovich Azizov Strategik rivojlanish agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Shuningdek, Aziz Tulkunovich Gafurov hamda Aleksey Vadimovich Sim agentlik bosh direktorining o‘rinbosarlari vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.