Toshkentda haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon topshirish bo‘yicha Yagona imtihon markazi o‘z faoliyatini boshladi. Markaz taqdimoti 3 fevral kuni bo‘lib o‘tdi, unda «Gazeta.uz» muxbiri ham ishtirok etdi.

Markazda haydovchilik guvohnomasini olishga nomzodlar nazariy va amaliy test sinovlaridan o‘tadi. Yangi tizimda fuqarolar bilimini baholashda inson omili ishtirok etmaydi, butun jarayon avtomatlashtirilgan, deya ta’kidladi tashkilotchilar.

Eslatib o‘tamiz, 26 yanvar kuni davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyatni tanqid qilgan edi. Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning o‘zida yo‘llarda 2000ga yaqin inson halok bo‘lgan. Prezident haydovchilarni tayyorlash hamda imtihon tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq bergandi.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 maydagi «Avtotransport vositasini boshqarish huquqi uchun haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihonlar o‘tkazish sohasiga xususiy sektor vakillarini jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha chora- tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq haydovchilar guvohnoma olishdan oldin avtomototransport vositasini boshqarish huquqini berish uchun xususiy avtomatlashtirilgan markazda nazariy va amaliy imtihon topshirishlari va sertifikat olishlari mumkin.

Imtihon topshirishning ushbu yangi tizimiga ko‘ra, markazga kelgan nomzod nazariy savollarga to‘g‘ri javob berishi va so‘ngra imtihonning amaliy qismidan o‘tishi kerak bo‘ladi. Ushbu ikkala bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirdagina, unga maxsus sertifikat beriladi.

Keyin, ushbu sertifikat asosida u Yo‘l harakati xavfsizligi inspeksiyasida yoki davlat xizmatlari markazlarida haydovchilik guvohnomasini olishi mumkin.

Imtihon topshirish istagida bo‘lganlar Yagona imtihon markazi saytida ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Buning uchun talabgorlar ro‘yxatdan o‘tgan kundan boshlab keyingi 7 ish kuni ichida fayllarni yuklashi (hujjatlar ro‘yxati veb-resursda ko‘rsatilgan), kerakli kataklarni to‘g‘ri to‘ldirishi va imtihon sanasini tanlashi kerak bo‘ladi.

Avtomatlashtirilgan sxema bo‘yicha amaliy imtihon o‘tkazish uchun «A», «B», «C», «D», «BE», «CE» va «DE» toifali avtomobillar mavjud. Nogironligi bo‘lgan shaxslardan amaliy imtihon olish tegishli tibbiy ko‘rsatmalarga mos keladigan transport vositalarida amalga oshiriladi.

Nazariy va amaliy test sinovlaridan o‘tish jarayoni markazi videoroligida batafsil namoyish etilgan.

Fotoreportaj

Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i Bekmurod Abdullayev

IIV Jamoat xavfsizligi departamenti rahbari o‘rinbosari, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Olim Saidov.

Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».