O‘zbekistondagi barcha OTMlar tanqidiy o‘rganiladi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, OTMlarni o‘rganish Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev boshchiligida tuzilgan ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi. Ishchi guruh ta’lim muassasalarini 23 ta mezon asosida tanqidiy, tahliliy o‘rganiladi.

Bunda asosiy e’tibor oliy ta’limdagi islohotlar, ilm, fan va ishlab chiqarishdagi integratsiyalar, axborot-resurs markazlari faoliyati, moliyaviy, akademik mustaqillik berilgan ta’lim muassasalariga amaliy ko‘mak berish, ilmiy salohiyat, ta’lim jarayonining qay darajada tashkil etilganiga qaratiladi.

Shuningdek, masofaviy ta’lim, kredit-modul tizimi, talabalar turar joylarida yaratilgan shart-sharoitlar, korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflikni ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlari joriy etilganligi kabi mezonlar ham tanqidiy o‘rganilishi aytilgan.

Kompleks tekshiruv oliy ta’lim muassasalarining ta’lim jarayonini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, ta’lim sifatini oshirish hamda ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etishga yo‘naltirilgan, deya ta’kidlangan xabarda.