2021-yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) O‘zbekistonga 22 ta loyiha orqali qariyb 690 mln dollar (607 mln yevro) sarmoya kiritdi. Bu haqda bankning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston ketma-ket ikkinchi yil Markaziy Osiyodagi YeTTB mablag‘laridan eng ko‘p foydalanuvchi davlat bo‘ldi.

Bankning bu mablag‘lari qayta tiklanuvchi energiya manbalari yordamida energiya ishlab chiqarish, “yashil” kreditlar, mamlakatdagi asosiy infratuzilmani yangilash va kichik biznesni rivojlantirishga yo‘naltirilgan. O‘zbekistonga yillik investitsiya kiritish bo‘yicha avvalgi rekord 2019 yilda qayd etilgan bo‘lib, YeTTB mamlakat iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi 13 ta loyiha orqali 575 mln dollar (517 mln yevro) ajratgan edi.

“YeTTB 2018 yildan buyon uchinchi marta mamlakatga rekord darajadagi investitsiya kiritganini ma’lum qilmoqda va bu muvaffaqiyat, asosan, shu yerdagi jamoamizning sa’y-harakatlari tufaylidir. Pandemiya bilan bog‘liq yuzaga kelgan qiyinchiliklarga qaramay, men bu yurtda muhim natijalarga erishishda qilgan mehnatimiz va qat’iyatimizdan juda faxrlanaman”, — deya ta’kidladi YeTTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinos

Tashkilotning 2021 yilgi asosiy faoliyati doirasida uning O‘zbekistonga kam uglerodli yo‘nalishlarni rivojlantirish va 2050 yilgacha energetika tarmog‘ining ugleroddan xoli bo‘lishiga ko‘maklashayotgani aytildi. Shu bilan birga, bank va O‘zbekiston hukumati issiqxona gazi emissiyasini kamaytirish va mamlakatning iqlim o‘zgarishiga nisbatan Barqarorlik strategiyasini tayyorlash hamda uni Parij kelishuviga moslashtirish bo‘yicha kelishuvga yerishilgan.

Bankning O‘zbekistonga sarmoyalari

YeTTB Samarqand shahri yaqinida 100 MVt quvvatga ega fotoelektr quyosh elektrostansiyasini qurish va ishga tushirish uchun 21,8 mln yevro sarmoya ajratdi. Mamlakatdagi qayta tiklanuvchi energiya bo‘yicha xususiy sektorga oid dastlabkilardan bo‘lgan bu loyiha hozirda asosan qazilma yoqilg‘iga ishlovchi elektr stansiyalariga tayanuvchi energetika sohasini diversifikatsiya qilishga yordam beradi.

Bank Namangan viloyatining suv ta’minoti va kanalizatsiya infratuzilmasini yaxshilash uchun 70 mln dollar miqdorida kredit ajratgan. Buning natijasida Namangan viloyatida 170 ming kishi toza suvdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi aytib o‘tilgan.

Shuningdek, bank va Samarqand shahri ma’muriyati shaharda uglerodsiz elektr avtobuslari xizmatini joriy etishga ko‘maklashish maqsadida “Yashil shahar” harakatlar rejasini ishlab chiqishga kelishib oldi.

Tashkilot O‘zbekistondagi raqamli moliya sohasining mustahkamlanishiga hissa qo‘shishi barobarida mamlakatdagi ilk raqamli “TBC Bank” aksiyadorlik tijorat bankining 20 foiz ulushini sotib oldi.

Shuningdek, YeTTB Urganch shahrida o‘zining uchinchi mintaqaviy vakolatxonasini ochdi.

Shu bilan birga, bank Yashil iqtisodiyotni moliyalashtirish dasturi (GEFF) doirasida “Hamkorbank” ATB va “O‘zsanoatqurilishbank” ATBning yashil texnologiya yechimlariga sarmoya kiritayotgan kichik xususiy sektor kompaniyalaridan bo‘lgan mijozlarini qo‘llab-quvvatlash uchun mos ravishda 10 mln dollar va 25 mln dollar miqdorida kredit ajratgan.

YeTTB hamda “O‘zsanoatqurilishbank” va “Hamkorbank” o‘rtasida imzolangan risklarni taqsimlash mexanizmi asosida “SEEM” tibbiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi va sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Tillo Domor” xususiy korxonasi kabi mahalliy kompaniyalar faoliyati mustahkamlangani qayd etildi.

Bank O‘zbekiston paxta sanoatiga yirik xorijiy investitsiya kiritgan. Jumladan, paxta va boshqa almashlab ekiluvchi ekinlar yetishtiruvchi “Indoramo Agro” qishloq xo‘jaligi korxonasiga 60 mln dollari yo‘naltirgan.

YeTTB mahalliy “Nika Pharm” MCHJ farmatsevtik korxonasi va mintaqadagi yagona shisha tola ishlab chiqaruvchi “Ecoclimat” qo‘shma korxonalarining har biriga 5 mln dollari miqdorida kredit ajratgan.

2021 yilda YeTTB O‘zbekistonning turli hududlarida joylashgan kichik va o‘rta biznes korxonalari (KO‘BK) bilan 49 ta loyihani amalga oshirdi. Bank o‘zining kreditlash vositalari va maslahat xizmatlari orqali 600 dan ortiq yakka tartibdagi tadbirkorlar va kichik biznes subyektlariga yordam berilganini ma’lum qildi. Ayollar boshchiligidagi biznesni qo‘llab-quvvatlovchi konsalting loyihalari ulushi 2020 yildagi 33 foizdan 45 foizgacha oshgan.

Bugungi kunga qadar, tashkilo O‘zbekiston iqtisodiyotiga 106 ta loyiha orqali 2,85 mlrd yevrodan ko‘proq sarmoya kiritgan.

2021 yilda YeTTB o‘zi faoliyat ko‘rsatuvchi hududlarida bankning yashil iqtisodiyotni moliyalashtirish hajmi rekord darajadagi 5,4 mlrd yevroga yetgan. Bu raqam bankning jami amaliyotlari hajmi — 10,4 mlrd yevroning 51 foizini tashkil etgan.