Juma kuni Toshkent hayvonot bog‘ida ayiq voleriga onasi tashlab yuborgan qizaloqning ahvoli qoniqarli, deb xabar berdi SSV.

Avvalroq yozganimizdek, voqea kecha soat 12:00 lar atrofida sodir bo‘lgan. Ayol o‘zining 3 yoshli qizchasini bog‘ mehmonlari ko‘z o‘ngida to‘siq ortidan ayiqning qafasiga tashlab yuborgan. Kavkazlik Zuzu laqabli ayiq qizga yaqinlashib, hidlab ko‘rib, so‘ng ortiga qaytgan. Bog‘ ishchilari ayiqni ichki xonaga chaqirib olishga muvaffaq bo‘lishgan.

Qizaloqqa dastlab hayvonot bog‘i hamshirasi birinchi yordam ko‘rsatgan. Shundan so‘ng, tez yordam mashinasida soat 13:30 larda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan.

Qizcha shifoxonada barcha zarur tibbiy ko‘riklardan zudlik bilan o‘tkazilgan. U yengil shok holatida bo‘lgan, balandlikdan yiqilish oqibatida ochiq bosh miya jarohati va bosh miya chayqalishi kuzatilgan. Hozirda uning ahvoli yaxshi, tibbiyot xodimlari nazoratida.