O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 yanvar kuni kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida odamlarning yo‘llarda xavfsiz harakatlanishi uchun sharoit yaratish zarurligini ta’kidladi (video).

«Koronavirusdan emas, yo‘l harakatidan odamlar juda ko‘p o‘lib ketayapti», — dedi u.

«Kim aybdor? Nimaga bunday bo‘layapti? Nimaga kuyib-pishmaymiz? Nimaga o‘lim ko‘payyapti?», — deya savol bilan yuzlandi davlat rahbari.

U ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga yuzlanar ekan, shunday topshiriq berdi: «Yo‘llarda xavfsiz harakatlanishga sharoit yaratish, avariya va o‘lim holatlarini keskin qisqartirish, buning uchun harakatlarni boshqarishni to‘liq raqamlashtirish, Bobojonov. Qilsa bo‘ladimi?».

«Haydovchilik guvohnomasini o‘qimasdan olish oddiy holga aylanib qoldi, — deya davom etdi Shavkat Mirziyoyev. — Mana biz o‘qiganmiz, 3 yil o‘qitar edi. Hozir 3 oy ham o‘qitmaydi, darsga bormasdan guvohnomani olyapti. Nima, O‘zbekistonda qonun yo‘qmi?».

«Avariya soni soat sayin oshib bormoqda. Hudoga shukur, koronavirusdan unday talofat, yo‘qotish kam bo‘ldi. Lekin, buning oldida yo‘l harakati xavfsizligini ko‘rsak, har kuni… Nimaga? O‘qimagan. Bir xil joylarda bormasdan, pul to‘lab [haydovchilik guvohnomasini] olayapti», — deya ta’kidladi prezident.


Nig‘matilla Yo‘ldoshev va Po‘lat Bobojonov (chapdan o‘ngga ikkinchi va uchinchi).

«Agar buni biz o‘zimiz tan olmasak, ko‘zimizni yumib yursak davom etaveradi. Bu muammoni bartaraf qilish uchun Davletov (adliya vaziri), Yo‘ldoshev (bosh prokuror), Bobojonov (ichki ishlar vaziri) avvalo o‘qitish tizimini tubdan takomillashtirsin. Ikkinchidan, o‘qitmasdan va o‘rgatmasdan guvohnoma berish jinoyatiga qarshi jazoni kuchaytirish bo‘yicha bir oy muddatda qonunchilikka qo‘shimcha kiritish yuzasidan taklif kiritsin», — dedi u.

Prezident, shuningdek, Po‘lat Bobojonov va transport vaziri Ilhom Mahkamovga viloyat hokimlari bilan birgalikda har 15 kunda viloyatlar kesimida avariya va o‘lim holatlari bo‘yicha ma’lumotlar kiritib borish vazifasini yukladi.