2021 yilda O‘zbekistonga 11 ta xorijiy davlatdan 809 ta elektromobil import qilingan. Ularning qiymati 16,9 mln dollarga teng. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Elektromobil importi 2020 yilga nisbatan 679 taga yoki 6,2 baravarga oshgan.

2021 yilda O‘zbekistonga import qilingan elektromobillarning 90% Xitoydan olib kelingan. Elektromobillar quyidagi davlatlardan import qilingan:

  • Xitoy — 724 ta;
  • Turkiya — 24 ta;
  • AQSh — 22 ta;
  • Litva — 13 ta;
  • Germaniya — 12 ta;
  • Koreya — 5 ta;
  • Ispaniya — 2 ta;
  • Rossiya — 2 ta;
  • Ukraina — 2 ta;
  • BAA — 2 ta;
  • Gonkong — 1 ta.

Aprel oyida «Gazeta.uz» Farg‘onada yil oxirigacha elektromobillarni yig‘ish yo‘lga qo‘yilishi kutilayotgani haqida yozgan edi. 520 mlrd so‘mlik qiymatga ega investitsion loyiha prezident ishtirokidagi yig‘ilishda taqdim etilgandi. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 520 mlrd so‘m bo‘lib, obyektning ishga tushirilish vaqti 2021 yilning noyabr oyiga belgilanganligi aytilgan edi.

Mart oyida Moliya vazirligi mamlakat ichida elektromobil xarid qilish va ularni vaqtincha olib kirish uchun to‘lovlarni bekor qilish bo‘yicha taklif kiritgan edi. 2020 yilda O‘zbekiston 2,9 mln dollar qiymatga ega 131 ta elektromobil import qilgan.

«O‘zavtosanoat» kompaniyasi O‘zbekistonda elektromobillar ishlab chiqarilishi 2025 yilda boshlanishi haqida ma’lum qilgan edi.

Farg‘ona viloyatida dekabr oyida «Central Asia Motors» korxonasida 4 ta yengil va 8 ta yuk elektromobillari test rejimida ishlab chiqariladi. Korxona to‘la quvvati bilan ishga tushgach, yiliga 10 ming elektromobil ishlab chiqarishi kutilmoqda. Ishlab chiqarilgan mahsulotning 40 foizi eksport qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonga 9 ta xorijiy davlatdan qiymati 10,5 mln dollarga teng bo‘lgan 558 ta elektromobil importqilingan.