Oybek Tursunov «Kapitalbank»ning afillangan shaxslar ro‘yxatidan chiqarildi. Bu haqda korporativ axborot Yagona portalida e’lon qilindi.

2021 yilning noyabr oyi boshida tadbirkor «Kapitalbank» ustav fondidagi ulushini 50 foizga oshirgandi. Birjadan tashqari bitim 29 oktabr kuni tuzilgan. Aksiyador 112,49 mln oddiy bank aksiyalarini sotib oldi — bu aksiyalar umumiy sonining 34,1 foizi degani. Bunga qadar u 52,43 mln aksiyaga egalik qilib kelayotgan edi.

2019 yilda Oybek Tursunovga qarashli Promadik Invest kompaniyasi «Kapitalbank» bankining 40,13 mln (36 foiz) aksiyalarini sotib olgandi. O‘sha yili mazkur bitim bank sektoridagi eng yirik kelishuvlardan biriga aylangandi.

1 noyabrdagi so‘nggi bitimdan keyin Promadik Invest bankning affillangan shaxslar ro‘yxatidan chiqarilib, uning o‘rniga Oybek Tursunovning o‘zi qo‘shilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilga kelib Tursunov Uzcard ustav fondining 75 foiz aksiyalarini ham xarid qilgandi. Biroq, keyinchalik 51 foizlik boshqaruv paketi Milliy bankka o‘tib ketdi, yana 6 foizdan aksiyalarga to‘rtta boshqa banklar egalik qila boshladi.