24 yanvar kuni Xalq deputatlari Farg‘ona shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Nazarov Vosiljon Shuxratovich nomzodi Farg‘ona shahar hokimi lavozimi ma’qullandi.

Unga tarif berar ekan, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov shunday dedi: «Tashabbuskor, izlanuvchan rahbar, befarq emas, harakatchan, fidoyi, yosh kadrlardan biri».

Ma’lumot o‘rnida, Vosiljon Nazarov 1984 yil Buvayda tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. 2006 yildan moliya tizimida mehnat qilib kelgan, 2019−2021yillarda viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlagan. 2021 yildan buyon esa Bag‘dod tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Shu kuni xalq deputatlari Bag‘dod tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Yusufjon Xusainovning nomzodi Bag‘dod tumani hokimligiga tavsiya etildi. Deputatlar viloyat hokimining ushbu taklifini bir ovozdan ma’qullashgan.

Yusufjon Xusainov esa 1983 yilda Toshloq tumanida tug‘ilgan. 2004 yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. 2020 yildan buyon viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, bunga qadar Farg‘ona shahri hokimi vazifasida faoliyat yuritgan Mirzohid Ubaydullayev Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining o‘rinbosari — Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktori lavozimiga tayinlangandi.