O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan «Gazprombank» AJning (Rossiya) vakolatxonasi akkreditatsiya qilindi, deya xabar berdi regulyator matbuot xizmati.

Xabarga ko‘ra, vakolatxona O‘zbekistonning davlat organlari, moliya-kredit tashkilotlari, ta’lim muassasalari va xo‘jalik yurituvchi subyektlari bilan aloqalarni o‘rnatish, ularni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, bankning O‘zbekistonda xalqaro biznesini rivojlantirishga ko‘maklashish, shuningdek, bank tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tashabbus va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.

2018 yilning yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekneftgaz» rahbariyatiga korxonaning kredit reytingini olish va tashqi bozorga chiqish uchun ishlarni jadallashtirish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shu bilan birga, kompaniya «Gazprombank»ni xalqaro kapital bozorlarida «O‘zbekneftgaz» AJ yevroobligatsiyalarining debyut emissiyasining ikki global koordinatori va mualliflaridan biri etib tayinlash bo‘yicha mandat kelishuvini imzolaganini ma’lum qildi.

Shuningdek, 2021 yilning 4 iyun kuni Jizzakh Petroleum «Gazprombank» bilan yangi gaz-kimyo majmuasini moliyalashtirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan edi.

Bundan tashqari ushbu bank O‘zbekistonning gaz-transport tizimini modernizatsiya qilishda hamkorlik qiluvchi tashkilot hisoblanadi. Ushbu loyihaga 618 mln dollargacha kredit ajratilishi mumkinligi aytilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Gazprombank Qashqadaryo viloyatida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha Uzbekistan GTL zavodining moliyalashtirilishida ham ishtirok etgan.