O‘zbekiston bozoriga katta miqdorda soxta chet el valyutasi chiqib ketgan. Bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu sababga ko‘ra, valyuta bankomatlari dam olish kunlari ishlashdan to‘xtagan.

«So‘nggi vaqtlarda bankomatlar faoliyatida shanba va yakshanba kunlari to‘xtashlar kuzatilgani rost, ammo bu ular yomon ishlayotgani uchun ro‘y bergani yo‘q. Gap shundaki, bizning bozorlarimizga katta miqdorda soxta valyutalar kelib tushgan. Bankomatlar ularni farqlay olmaydi. Aynan shu bois shanba va yakshanba kunlari aksariyat bankomatlardan foydalanishni chekladik. Biz hozirda bankomatlar dasturini o‘zgartiryapmiz, bu masala o‘z yechimini topadi», — deya izoh berdi MB rahbari.

Noyabr oyi oxirida deputat Rasul Kusherbayev odamlar dam olish kunlarida valyutani qora bozorda almashtirishga majbur bo‘layotganini aytib, bu holatda Markaziy bankni ayblagan edi. Deputat guvohlar ishtirokida 50 dollarlik kupyurani ko‘chada almashtirgan. «Fuqarolar huquqbzarliklarga yo‘l qo‘ymasliklari uchun odamlarni shunday qilishga majbur etayotgan barcha sabablar yo‘qotilishi kerak», — degan edi Kusherbayev bu holat har qanday sohaga tegishliligini ta’kidlagan holda.

Mamarizo Nurmuratovning qayd etishicha, banklarning rasmiy saytlarida dam olish kunlari faoliyat yuritadigan ayriboshlash punktlari haqida ma’lumotlar e’lon qilinishi muammoning yechimi sifatida xizmat qilishi mumkin.

«Gazeta.uz» Yagona umumrespublika protsessing markazi (Uzcard) bankomatlarning 50 va 100 dollarlik nominaldagi banknotalarni qabul qilish funksiyasini 2022 yil yavnar oyi oxirida tiklashni rejalashtirgani haqida xabar bergan edi. Ushbu funksiya sentabr oxirida vaqtincha o‘chirilgan edi.

MB rahbari, shuningdek, O‘zbekistonda xususiy ayriboshlash punktlari ochilishi masalasiga doir savolga ham javob berdi.

«Markaziy bank bu borada o‘zining qat’iy pozitsiyasiga ega. FATF xalqaro tashkiloti (Jinoiy daromadlarni halollash va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi harakat qilish sohasidagi jahon standartlarining asosiy ishlab chiquvchisi) talablaridan kelib chiqqan holda, biz buni cheklaymiz. Ya’ni FATFning jinoiy faoliyat yoki yashirin iqtisodiyot orqali olingan daromadlarni qonuniylashtirilishiga qarshi harakat talablaridan kelib chiqqan holda, bugungi kunda biz xususiy kompaniyalarga ayriboshlash shoxobchalarini ochishga ruxsat berish borasida yagona fikrga kelganimiz yo‘q», — degan Nurmuratov.

O‘tgan yili dekabr oyi o‘rtalarida O‘zbekiston monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi xususiy ayriboshlash punktlari faoliyatiga ruxsat berilishini nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasini jamoatchilik e’tiboriga taqdim etgan edi.