Maktabgacha ta’lim tashkilotlari karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda o‘z faoliyatini davom ettiradi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligi ma’lum qildi.

Koronavirus bilan kasallanganlar soni so‘nggi kunlarda keskin ortib borganidan so‘ng O‘zbekistondagi barcha OTM, kollej va litseylar 1 oyga masofaviy ta’limga o‘tkazildi. Shuningdek, maktablar ham onlayn formatda ish boshlashi ma’lum qilindi.

Biroq, ulardan farqli ravishda bog‘chalar o‘z faoliyatini o‘zgarishsiz davom ettiradigan bo‘ldi. Vazirlikning ma’lum qilishicha, bu vaqtda maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ish faoliyatiga qo‘yiladigan vaqtinchalik sanitariya-gigiyenik talablarga qat’iy rioya etiladi.

COVID-19 alomatlari aniqlangan MTTlar guruhlari SanEpidxizmat (SES) xulosasiga ko‘ra vaqtinchalik karantinga yopiladi. Kasallik alomatlari bartaraf etilganidan so‘ng, MTT yoki guruhlar o‘z faoliyatini yana davom ettirishi mumkin bo‘ladi.

Xususan, davlat MTTlarida bayram tadbirlari o‘tkazilishi vaqtinchalik cheklanadi.

Ota-onalar va tashqaridan mehmonlar kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Zarur vaziyatlarda ularda so‘nggi uch kunlik PZR testi va emlanganligi haqida sertifikati bo‘lishi lozim.

Shuningdek, yig‘ilishlar o‘tkazilishi cheklanadi, zarur hollarda yig‘ilishlarni videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish choralari ko‘riladi.

Cheklovlar buzilishiga yo‘l qo‘yganlarga hayfsan, jarima va boshqa javobgarlik choralari qo‘llanadi.