Respublika budjet tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlarida ishchi-xodimlarning koronavirusga qarshi emlanishi bo‘yicha 2021 yil 1 oktabridan 2022 yil 18 yanvargacha 56 406 ta tekshiruvlar o‘tkazilgan. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xabar berdi.

Tekshiruvlar 17 869 ta xo‘jalik yurituvchi subyekt hamda 38 537 ta budjet tashkilotida o‘tkazilgan. Natijada jami 80 546 nafar vaksina olmagan shaxslar aniqlangan.

Ularning 20 125 nafari xo‘jalik yurituvchi subyektlari, 60 421 nafari esa budjet tashkilotlarida faoliyat yuritishi ma’lum bo‘lgan.

Vaksina olmaganlik vaziyati bo‘yicha:

  • 41 179 nafar shaxslar ishdan vaqtinchalik chetlatilgan,
  • 4 139 ta holatda ish beruvchiga nisbatan jarima chorasi,
  • hodimlarga nisbatan jarima qo‘llanmagan,
  • 237 ta obyektga nisbatan esa faoliyatini vaqtinchalik muddatga to‘xtatish chorasi qo‘llanilgan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmatining «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, tekshiruvlar davomida fuqarolarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi 2-qismiga asosan choralar ko‘rib kelinmoqda. Unga ko‘ra, jismoniy shaxslarga BHMning 20 baravari (5,4 mln so‘m), mansabdor shaxslarga esa — 30 baravari (8,1 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llanilgan. SES matbuot xizmati qo‘shimcha qilishicha, hozirga qadar xodimlarga nisbatan jarima jazo chorasi qo‘llanilmagan.

Eslatib o‘tamiz, 17 yanvar kuni Toshkent shahridagi 508 ta budjet tashkiloti va tadbirkorlik subyektlarida tekshiruvlar o‘tkazilgandi. Unda koronavirusga qarshi emlanmagan 1044 nafar xodim vaqtincha ishdan chetlatilgani, 200 nafari esa jarimaga tortilgani ma’lum qilingan edi.