«O‘zbekneftgaz» AJ tizimidagi korxona va tashkilotlarda 2021 yilda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida jami 717,9 mlrd so‘mlik turli qonunchilik normalari buzilishi holatlari aniqlandi. Bu haqda jamiyat boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ta’kidlandi.

Shundan 91,9 mlrd so‘m kamomad va o‘zlashtirishlar, 57,8 mlrd so‘m jamiyatga zarar, 219,9 mlrd so‘m boshqa xato va kamchiliklar, 237,7 mlrd so‘m «Buxoro neftni qayta ishlash zavodi» MCHJ tomonidan mas’ul saqlashga qo‘yilgan mahsulotlarni o‘zboshimchalik bilan berib yuborish holatlari hisoblanadi.

«Ularni bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan Jamiyat Boshqaruvi hamda xuquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan tegishli choralar ko‘rilmoqda», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, hdudlardagi komplayens inspektorlari tomonidan olib borilgan mavzuli va masofaviy o‘rganishlar natijasida 153,9 mlrd so‘mlik moliyaviy xato-kamchiliklar ham aniqlangan.

Olib borilgan profilaktik nazorat ishlari natijasida jami 153,8 mlrd so‘m qarzdorliklar undirildi va noo‘rin holatlarni oldi olinib, 149,6 mlrd so‘mlik mablag‘ jamiyat foydasiga iqtisod qilishga erishilgan.

«Komplayens nazorat sohasida tizim korxonalarida o‘tkazilgan o‘rganishlarda 244 ta qarindosh-urug‘chilik holatlari aniqlangan va olib borilgan chora-tadbirlar natijasida 152 ta holat bartaraf etilgan. Jamiyat tizimida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan jami 617 ta korrupsion va boshqa xavf-xatarlar ro‘yxati shakllantirilib, ular kamaytirish bo‘yicha jami 1092 ta chora-tadbirlar ishlab chiqildi», — deyiladi bayonotda.

Bundan tashqari, «O‘zbekneftgaz»ning amalda faoliyat yuritib kelayotgan 2089 nafar xodimlaridan manfaatlar to‘qnashuvi deklaratsiyasi olingan.

Hisobot davrida 39 ta mavzuli o‘rganishlarda aniqlangan 251,3 mlrd so‘mlik xato-kamchiliklar bo‘yicha ma’lumotlar huquq tartibot idoralariga huquqiy baho berish maqsadida yuborildi. Shundan, 28 tasi bo‘yicha tegishli idoralar tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 4 tasi bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, aniqlangan kamomadlar undirilgan va 5 ta holatda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili «Buxoro neft bazasi»da 50,5 mlrd so‘mlik debitor qarzdorlik aniqlangandi. O‘shanda neft bazasi mas’ul va rahbar xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonunbuzulish holatlari bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga jo‘natilgandi.