Qonunchilik palatasi deputatlari нaрхлaрni barqarorlashtirish maqsadida bir qator oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar muddatini uzaytirishni nazarda tutuvchi Soliq kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi. Xususan, go‘sht (mol, qo‘zi, tovuq go‘shti), o‘simlik yog‘i, tirik ko‘rinishdagi chorva mollari va parranda hamda ularni so‘yishdan olinadigan mahsulotlar, shuningdek ularni sotish aylanmasi uchun QQSning nol stavkasini 2022 yil 30 aprelgacha uzaytirish ko‘zda tutilgan.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning 11 oyi davomida O‘zbekistonga 27,6 ming tonna go‘sht import qilingan, bu 2020 yilning shu davriga nisbatan 8,4 ming (+43,7 foiz) ko‘pdir. Barcha importning 82 foizi Belarus (18,7 ming tonna) va Qozog‘iston (4,2 ming tonna) ga to‘g‘ri keladi.

Jizzax Organic qishloq xo‘jaligi klasteri Kuzatuv kengashi a’zosi Sergey urov va Promeat go‘sht mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniyasi direktori Izzat Mutalov «Gazeta.uz» bilan suhbatda importga QQS bo‘yicha imtiyozlar joriy etilishi ularning faoliyatiga qanday ta’sir qilgani, ular qanday xavflarni ko‘rayotgani, mahalliy sanoat ishlab chiqarishi va narxlarning oshishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qanday muqobil yechim taklif etishlari haqida gapirdi.

Jizzax Organic

Capital Practice (Rossiya) sherigi, Jizzax Organic qishloq xo‘jaligi klasteri hamda Saxovat parrandachilik xo‘jaligi kuzatuv kengashi a’zosi Sergey urov.

QQS bo‘yicha imtiyozlarni uzaytirish ehtimoli haqda

Shubhasiz, bu eng top yangilik, garchi allachondan buyon kutilatgan bo‘lsa ham.

Men imtiyozlarga qarshi emasman: haqiqatan ham, narxlar oshishiga qarshi nimadir qilish kerak.

Muammo faqat narxlarning real daromadlardan tezroq o‘sishida (bu ijtimoiy keskinlikka tahdid soladi) emas, balki bu o‘z-o‘zidan takrorlanadigan spiralga aylanib bormoqda. Narxlarning jiddiy o‘sishini ko‘rgan odamlar bundan keyin ham yomonroq bo‘ladi, deb taxmin qilishadi. Inflyatsion kutishlarning o‘zi esa talabning oshishiga hamda narxlarni yanada ko‘taradigan sotuvchilar va ishlab chiqaruvchilarning mos xatti-harakatlariga olib keladi.

Hukumat oldida murakkab vazifa turibdi va inflyatsiya darajasining avval qilingan prognozlardan oshib ketmasligiga harakat qilmoqda. Va bu chaqiriqlar nafaqat davlat uchun. Hamma narsaning jahon narxlari oshib bormoqda, lekin bizda bu jarayon tezroq ketmoqda. Shuning uchun ham O‘zbekiston hukumati maqsadli subsidiyalar, eksport-import kvotalari va bojlarini tartibga solish orqali inflyatsiyaga ta’sir qilishning muqobil usullarini izlamoqda.

Biroq har qanday tashabbus ham aniq afzalliklarga, ham, shubhasiz, xatarlarga ega.

Ijtimoiy manfaatlar: QQS imtiyozlari narxlarning oshishiga qarshi kurashmoqda

Foto: Jizzax Organic

O‘zbekiston aholisining real daromadlari baland emas. Bu oziq-ovqat mahsulotlarining iste’mol savatchasida salmoqli ulushni egallashiga olib keladi. Shunday tushuncha bor — substitutlar — o‘rindosh tovarlar. Bunda biror guruhdagi muayyan mahsulot narxining oshishi bahosi pastroq bo‘lgan boshqa mahsulot iste’molining oshishiga sabab bo‘ladi. Biroq yaqinda oziq-ovqat mahsulotlarining butun liniyasi qimmatlashdi. Natijada, iste’molchi talabni arzonroq pozitsiyalarga o‘tkaza olmaydi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, QQSdan ozod qilish oziq-ovqat bozori barqarorligini ta’minlash, tovarlar narxi oshishining oldini olishga xizmat qiladi.

Raqamlarga qarash mumkin. Sabzavotlar, mevalar va har qanday qishloq xo‘jaligi mahsulotlari foizlarda go‘sht mahsulotlariga qaraganda ancha qimmatlashgan. Ammo go‘sht qimmatroq tovardir, shuning uchun bu yerdagi qo‘shimcha 10−15 foizlik xarajat kuchliroq seziladi.

Eng zarur mahsulotlar narxining keskin oshishiga qarshi kurash favqulodda chora-tadbirlarni talab qiladi. QQSdan ozod qilish ushbu vazifani bajaradi. Buning uchun, birinchi navbatda soliqlar tushumi kamayishi oqibatida davlat budjeti to‘laydi (10 oktabrdan 31 dekabrgacha budjetga 75,2 mlrd so‘m kelib tushmadi).

Ijtimoiy manfaatlar: go‘sht sifati aziyat chekadi

Ikkinchi masala — O‘zbekiston bozoriga qanday sifatli go‘sht yetkazib berilmoqda va sifatsiz mahsulot iste’molchiga yetib bormasligi uchun zarur bo‘lgan infratuzilma mavjudmi? Narx ustuvor bo‘lganda, tadbirkorlar eng arzon go‘shtni topishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadilar. Bunday holda, iste’molchi yo‘qotadi.

Dastlab, import, bu — muzlatilgan go‘sht bo‘lib, u sovutilgan go‘shtdan sifat jihatidan pastda turadi.

Keyin esa javobsiz qolgan ko‘plab savollar bor: hayvonlarning yoshi, ular nima bilan oziqlangan, go‘sht qanday muzlatilgan, qancha vaqt muzlatilgan, mahsulotda antibiotiklar, kasalliklar va zararli moddalar bormi? Takror aytaman, agar narx ustuvor bo‘lsa, tadbirkorlar va xaridorlar bunday savollarni berishmaydi ham.

QQSdan ozod qilishning oqibatlari: mahalliy go‘sht ishlab chiqaruvchilar uchun bu — «o‘lim»ning boshlanishi

Import bojlari va QQSning vaqtincha nolga tushirilishi o‘z nomini qadoqda yozib qo‘ygan mahalliy ishlab chiqaruvchi uchun xavfli.

Go‘sht mahsulotlarini yetkazib beruvchilarning uch toifasi mavjud:

  1. fermerlar;
  2. import qiluvchilar;
  3. mahalliy sanoat ishlab chiqarish.

Chakana savdoda go‘sht narxi sezilarli darajada pasaymaganiga qaraganda, «ishlab chiqaruvchi-importyor-riteyler» zanjirida marja o‘sishi kuzatilmoqda.

Vaziyatga eksportyor nuqtai nazaridan qarasangiz, uning pozitsiyasi yanada foydali bo‘ldi. U o‘z davlatidan qo‘shilgan QQSni qaytarib oladi, bundan tashqari, endi uning go‘shti narxi O‘zbekiston QQSning 15 foiziga oshirilmaydi. Ya’ni, mahsulot bozorga mahalliy ishlab chiqaruvchidan ko‘ra qulayroq shartlarda kiradi.

Fermerlar uchun hech narsa o‘zgarmadi. Qonun joriy etilishidan oldin bozorda go‘sht sotib olayotganda chekda «15% QQS bilan» qatorini ko‘rgan bo‘lishingiz dargumon. Ko‘proq aytaman — sizga chek berilgan bo‘lishi dargumon.

Mahalliy sanoat ishlab chiqaruvchilari uchun go‘shtni sotish bo‘yicha aylanmaning QQSdan ozod qilinishi «o‘lim»ning boshlanishi hisoblanadi.

Birinchidan, qadoqqa o‘z nomingizni qo‘yganingizda, siz qadoqlashning o‘zi va mahsulot sifatini kafolatlaydigan jarayonlar: yetishtirish, veterinariya xizmati, sanitariya, so‘yish, muzlatgichda saqlash, jo‘natish va hokazo uchun qo‘shimcha xarajatlarga duch kelasiz.

Endi go‘sht ishlab chiqaruvchisini hech kim tanimaydigan, ishlab chiqaruvchining o‘zi esa o‘z mahsulotini bir martalik va nomsiz xaridorga, hatto boshqa davlatdan ham sotadigan zanjirni tasavvur qiling. Bu yerda sifat muhim emas, narx pastroq, lekin bu chegirma iste’molchining sog‘lig‘iga bevosita ta’sir qiladigan chegirmadir. Oddiy mantiqiy misol: xorijdan keltirilgan go‘sht bizning bozorda qancha sotilayotgani va ishlab chiqarilgan mamlakatda qancha turadi, solishtiring. Aksariyat hollarda u yerda qimmatroq bo‘ladi. Savol tug‘iladi: nega mahsulot o‘z bozoridagi talabga ega emas, balki O‘zbekistonga eksport qilinmoqda? Ko‘pincha bu sifat masalasidir.

Foto: Jizzax Organic

Ikkinchidan, chorva mollarini ko‘paytirishda xarajatlarning 80 foizi yem-hashak to‘g‘ri keladi. Agar yem-hashak va boshqa xarajatlar QQSga tortilsa, lekin sotish bo‘lmasa, bu xarajatlarni kamida 10 foizga oshiradi, chunki barcha QQS ishlab chiqarish tannarxiga kiritilgan.

Uchinchidan, jarayonlar sarmoya talab qiladi. Sifat bilan birgalikda tilga olinishni xohlaydigan ishlab chiqaruvchini tasavvur qiling. Buning uchun u hayvonlarni saqlash, so‘yish va qadoqlash sexlarini qurish, qayta ishlash va tashish uchun uskunalar sotib olishi kerak. Aytaylik, minimal narxlarda xarajat 1 mln AQSh dollarini tashkil etadi. Yuqoridan siz budjetga 150 ming dollar QQS to‘laysiz (biz bojxona to‘lovlarini o‘tkazib yuboramiz) va bu soliq hech qanday tarzda qaytarilmaydi, chunki go‘sht QQSsiz sotiladi.

Ishlab chiqaruvchi mol go‘shtini o‘rtacha 1 kg uchun 60 000 so‘mdan sotadi (narxga kamida +30% qo‘shadigan chakana narxlar bilan adashtirmaslik kerak). Ya’ni, ishlab chiqaruvchi 25+ tonna go‘sht sotishi kerak. Ko‘rsatilgan investitsiyalar bilan bu — minimal yillik foyda.

QQS stavkasini nolga tenglashtirish import qilinadigan mahsulotlarni ancha raqobatbardosh qiladi, bu esa mahalliy qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari hamda oziq-ovqat sanoati korxonalarining sotish hajmi va moliyaviy ko‘rsatkichlariga ta’sir qiladi. Misol uchun, kolbasa do‘konlari va boshqa korxonalar uchun mahalliy yetkazib beruvchidan go‘sht sotib olish uchun kamroq rag‘bat bor, chunki u tannarxga kiritilgan QQSni o‘z ichiga oladi. Agar korxona import qilinadigan go‘shtga o‘ta olmasa yoki sifati bo‘yicha u mos kelmasa, uning yakuniy mahsuloti import qilinadigan go‘shtga nisbatan qimmatlashadi va raqobatbardoshligi pasayadi.

Ta’kidlash joizki, mahalliy korxonalar ishlab chiqarishni rivojlantirishga sarmoya kiritib, davlatning mavjud bojxona-tarif siyosatini hisobga olgan holda strategik rejalarga ega edi. Asosiy ko‘rsatkichlardagi sezilarli o‘zgarishlar (daromad, EBITDA, sof foyda, rentabellik, ROE va boshqalar) esa bir necha oydan keyin payqalishiga qaramay, hozirdanoq ushbu biznesga qiziqishning pasayishi, ko‘plab mahalliy ishlab chiqaruvchilarning bankrot bo‘lishiga olib kelishini oldindan aytish qiyin emas.

Bu chora bozor muhitini jiddiy o‘zgartiradi va bu o‘zgarish O‘zbekiston bozorida xavfsiz go‘sht foydasiga bo‘lmaydi.

Rag‘batlantirishning joriy etilishi narxlar va faoliyatga qanday ta’sir qildi?

Faoliyatimiz qiyinroq, ammo qiziqarliroq bo‘ldi. Jizzax Organic yangi muammolarga duch kelmoqda.

Bir tomondan, biz do‘konlarda oxirgi iste’molchidan birinchi bo‘lib salbiy fikrlarni olamiz: «Nega bunchalik qimmat?!» Xodimlar imkon qadar sabr-toqatni namoyon etadi, odamlarga gapirishga imkon beradi va keyin sababini tushuntiradi.

Boshqa tomondan, yil davomida tannarxning hisob-kitobiga kiritilgan xarajatlar deyarli 2 barobar oshdi. Bu:

  1. o‘simliklarni himoya qilish vositalari, o‘g‘itlar, yoqilg‘i-moylash materiallari;
  2. yem-hashak;
  3. Xarajatlardagi QQS;
  4. mahsulotni bozorga olib chiqish xarajatlari.

Avvallari boshqa go‘sht yetkazib beruvchilar qoramol boqishda ustunlikka ega bo‘lgan bo‘lsa, endi soliqlar bo‘yicha ham ular ustunlikka ega.

Yorqin misol: ilgari mahalliy ishlab chiqaruvchidan go‘sht sotib olgan restoran yoki kafe o‘z xarajatlarini to‘langan QQS miqdoriga kamaytirishi mumkin edi. Endi zanjir uzildi. Ya’ni, «xorijiy ishlab chiqaruvchi — o‘zbek restorani» zanjirida QQS go‘sht yetishtiruvchi davlat budjetiga kompensatsiya qilinadi, faqat mahalliy kompaniyalardan iborat bo‘lgan zanjir esa ikki marta QQS to‘laydi: avval go‘sht ishlab chiqarishda, keyin tayyor taom sifatida uni sotishda.

Chorva, qo‘y va echkining xom terisini eksport qilishning cheklanishi haqiqatan ham go‘sht tannarxiga ta’sir qiladimi? Nima uchun ushbu tartib hali ham ishlashda davom etmoqda?

Taqiqlanish sabablarini izohlay olmayman. Ammo tegishli mahsulotlar olinadigan daromadlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri go‘sht narxiga ta’sir qiladi.

Chorvachilik mahsulotlariga sarmoya kiritishga qaror qilishda asosiy mezonlardan biri sof mahsulotning chiqishi hisoblanadi. Hozirda bu ko‘rsatkich naslchilik go‘sht chorvachiligida 55 foizni tashkil etadi. Keling, soddalashtiramiz: 700 kg og‘irlikdagi buqadan 385 kg mahsulot chiqadi. Keyin u steyklar, qiyma go‘shtga va boshqa narsalarga, shu jumladan teriga taqsimlanadi.

Agar ishlab chiqaruvchi ushbu mahsulotning bir qismini arzimagan narxlarda sotishga yoki ushbu qismni yo‘q qilishga majbur bo‘lsa, qolgan qismlarning (birinchi navbatda go‘sht) o‘rtacha narxi oshadi. Va agar ishlab chiqaruvchilar submahsulotlar, teri va hatto qonni sotsa, bu ularning go‘sht narxini pasaytiradi.

Hozir qoramolning asosiy qismi aholining qo‘lida. Chorvadorlarga sanoat go‘sht ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga nima to‘sqinlik qilmoqda?

Foto: Jizzax Organic.

QQS va bojxona to‘lovlari xarajatga kiritilsa, mahalliy chorvachilikni rivojlantirishga hech kim mablag‘ ajratmaydi. Va keyingi yillarda ham investorlarning xotirasida vaziyat takrorlanishi mumkin degan fikrni saqlanib qoladi, bu esa shubhalar yanada ko‘proq bo‘lishini anglatadi.

Ideal sharoitda chorvachilik loyihalarini qoplash muddati yiliga taxminan 10% daromadlilik bilan taxminan 10 yilni tashkil etadi. QQSni o‘z mablag‘lari hisobidan to‘lash zarurati o‘zini qoplash muddatini 13−15 yilga oshiradi va daromadlilik darajasi yiliga 5% gacha kamayadi. Investor uchun bank depozitiga pul qo‘yish va xuddi shuncha — 5% daromad olish (lekin xavf-xatarsiz) yoki yanada foydaliroq loyihani topishni afzal deb biladi. Hozir o‘zimiz ham kelajakdagi investitsiya faoliyatining maqsadga muvofiqligini ko‘rib chiqyapmiz.

Bunga loyihaning uzoq muddatda o‘zini oqlashini, jiddiy xatarlarni (ayniqsa, hayvonlar kasalliklari va mamlakatdagi epidemiologik vaziyat bilan bog‘liq), malakali ishchi kuchining yetishmasligi, yer va suv bo‘yicha shaffof va yagona qoidalarning yo‘qligini qo‘shishimiz mumkin.

Go‘sht mahsulotlari narxi oshishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qanday muqobil yechim taklif qilish mumkin?

Agar oziq-ovqat va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash ustuvor vazifa bo‘lsa, biz o‘z sanoat ishlab chiqarishimizni rivojlantirishimiz kerak. O‘zbekistonda bir qator yirik ishlab chiqaruvchilar paydo bo‘lgach, sog‘lom raqobat yuzaga keladi va davlat biznes bilan samarali muloqot olib boradi, narxlarni samarali tartibga soladi va ichki bozorda go‘sht sifatini ta’minlaydi.

Sanoat rivojlanishi uchun davlatdan pul kerak emas — sharoit kerak. Mahalliy tadbirkorlarni yer, suv resurslari, yo‘llar bilan qo‘llab-quvvatlash, elektr va gaz tarmoqlariga ulash, eng muhimi, yagona tartib o‘rnatish zarur. Qonun hujjatlari o‘zgartiriladigan bo‘lsa, barcha ishtirokchilar uchun teng sharoitlar yaratilishi kerak. Masalan, QQS imtiyozlari nafaqat eksportyorlarga, balki mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ham joriy etilishi lozim.

Ikkinchi masala — informatsion xabardorlik. Hozirda muammolarga (masalan, sanitariya) ko‘z yumish, shuningdek, mahsulot sifati kabi noqulay vaziyatni oshkor qilmaslik odatiy hol. Agar peshtaxtada uchta go‘sht bo‘lsa, u holda ishlab chiqarilgan mamlakat, hayvonning xususiyatlari, eksport qiluvchining nomi ko‘rsatilishi kerak. Shunda iste’molchi narx nima uchun boshqacha ekanligini tushunadi va ongli tanlov qiladi.

Foto: Jizzax Organic

Umuman olganda, import bojlaridan voz kechish — bugungi kunning trendidir. Pandemiya voqeligi kontekstida bu chora juda o‘rinli, ko‘plab davlatlar (Turkiya, Rossiya) bu yo‘lga kirishdi. Rossiya go‘sht importiga bojxona to‘lovlarini bekor qilish tashabbuslarini ham faol muhokama qilmoqda.

Demak, hozirgi sharoitda sanoat ishlab chiqarishi uchun chiqish yo‘llaridan biri quyidagicha: biz, o‘zbek ishlab chiqaruvchilari eksportchi sifatida QQS qaytarmalarini olishimiz va teng sharoitlarda bo‘lish uchun mahsulotimizni tashqi bozorga, boshqa mamlakatlar esa bizning bozorimizga jo‘natishi mumkin.

QQS bo‘yicha imtiyoz mahalliy sanoat ishlab chiqaruvchisini o‘ldiradi. U ichki bozorni sifatli go‘sht bilan to‘ldirishga rag‘batini yo‘qotadi, lekin mahsulotlarni eksport qilish va QQS to‘lovlarini qaytarish uchun rag‘bat qozonadi.

Umuman olganda, men yuqoridagi barcha tadbirlarni chin dildan qo‘llab-quvvatlayman. Ammo sohaga ishonadigan investorlarsiz bunga erishib bo‘lmaydi. Ushbu qonun amalda ekan, tadbirkorlar sarmoya kiritish va kapitali bilan tavakkal qilishga kirishmaydi. Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, ular boshqa davlatlarga sarmoya kiritib, O‘zbekiston bozoriga mahsulot yetkazib berishlari maqsadga muvofiqroq. Misol uchun, Rossiya ishlab chiqaruvchi-eksportchisi o‘z davlatidan barcha QQSni hisob raqamiga tushirib oladi (bu — 20%).

Sanoatni tartibga solishga qaratilgan u yoki bu choralarni ko‘rayotganda, mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ham unutmaslik kerak. So‘nggi yillardagi shoklar davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning mo‘rtligini ko‘rsatdi. Shunday qilib, lokdaun fonida davlatlar xalqaro aloqalarni keskin chekladilar. O‘zbekiston bilan hamkor davlatlarning oziq-ovqat narxining oshishiga chek qo‘yishga urinishlari eksportning taqiqlanishiga olib kelmoqda. Eng so‘nggi misol, yaqinda Qozog‘istondan mol va qo‘zi go‘shti eksportiga taqiq joriy qilingan. Bunday sharoitda o‘z sanoat ishlab chiqaruvchisi — davlat doimo ishonch hosil qiladigan sherikdir.

Promeat

Promeat go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi direktori Izzat Mutalov.

QQS bo‘yicha imtiyozlarni uzaytirish ehtimoli to‘g‘risida

Ilgari hamma teng asosda to‘lagan: ishlab chiqaruvchilar va qayta ishlovchilardan tortib, to chakana sotuvchilar va oxirgi iste’molchigacha. Endi butun yuk ishlab chiqaruvchilar va qayta ishlovchilarga tushmoqda. Bundan kelib chiqadiki, endi mahsulot yaratishdagi asosiy bo‘g‘in, ya’ni ishlab chiqaruvchilar sog‘lom mantiq va bozor mexanizmlariga zid ravishda butun yukni o‘z yelkalariga oladi. Ishlab chiqaruvchini faqat yaxshi niyatlar va hamma uchun mashhur yechimlar bilan qoniqtirib bo‘lmaydi, chunki u xodimlar, banklar, investorlar, sheriklar va birinchi navbatda o‘zi oldida juda ko‘p iqtisodiy va ma’naviy majburiyatlarga ega.

Fermerlar faqat g‘oya haqida qayg‘uradigan yollanma rohiblar emas. Fermerchilik — dunyodagi eng halol va murakkab biznes bo‘lib, unda ko‘pincha o‘zgaruvchan omillar hisobga olinadi. Masalan, traktor va kombaynlarimizga quyadigan dizel yoqilg‘isi narxlarini olaylik. Men, fermer sifatida, energiya bozoridagi jahon narxlari holatiga ta’sir qila olmayman. Yoqilg‘i narxining oshishi mehnatim va mahsulotim tannarxiga ta’sir qilishi muqarrar. Kelib chiqadiki, barcha ishlab chiqarish resurslari va shartlarini hisobga olsak (biz faqat bitta jihatni oldik) va bu yerga QQSni qo‘shsak, men yo‘qotishlarni bartaraf etishim kerak. Qolaversa, yaqin tariximiz shuni ko‘rsatdiki, mavhum «hamma uchun yaxshilik» uchun biror narsa qilish past samaradorlik va iqtisodiy farovonlik uchun katta salbiy oqibatlarga olib keladi.

Keling, boshqa bir qiyosiy misolni olaylik. Qozoq dehqon bor va bizniki. Chorvachilik va go‘sht yetishtirishda qo‘shni fermerimiz nafaqat dehqonchilik uchun turli subsidiyalar oladi, balki O‘zbekistonga eksport qilishda ham barcha QQSni ona davlati qoplaydi. Bizning fermerimiz esa QQSli yem-xashak, yoqilg‘i sotib olar ekan, ko‘proq to‘laydi va yakunda mos ravshda u o‘zining yerida raqobatbardosh emas. Qozoq fermeri, hatto tashishdan keyin ham, bizning iste’molchimiz uchun mahalliy fermerdan ko‘ra ancha jozibaliroq.

Ammo fermerlarni eng ajablantiradigan va chalg‘ituvchi narsa soliq imtiyozlarini joriy etish muddatining aniq emasligidir. oktabr oyida parlament va hukumat oktabrdan dekabrgacha soliq imtiyozlari shartlarini tasdiqladi. 24 dekabr kuni esa hukumat imtiyozlarni endi 2022 yilning aprel oyi oxirigacha uzaytirishni taklif qilayotgani ma’lum bo‘ldi. Har bir bozor ishtirokchisi va biznes uchun bunday noaniqlik katta stress va xavf hisoblanadi.

Soliq qonunchiligida 15% QQS stavkasini o‘rnatish bo‘yicha chinakam ijobiy inqilobni hammamiz eslaymiz. Bu vaqt davomida biz eskirgan samarasiz tizim bo‘yicha ishladik va bunday soliq stavkasiga o‘tish, u to‘g‘ri bo‘lishiga qaramay, nafaqat buxgalteriya va moliya bo‘limlari uchun, balki butun biznes uchun juda qiyin edi, chunki jarayonlarni yangi qoidalar asosida qayta qurishimiz kerak edi. Qoidalar shaffof va barqaror bo‘lishi kerak.

Imtiyozlarning joriy etilishi narxlar va faoliyatga qanday ta’sir qildi?

Foto: Promeat

Kompaniyamiz na ilgari to‘langan QQS uchun zachyot olish, na QQSni qaytarish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Natijada biz QQSni xarajat sifatida tannarxga kiritib, samaradorlikni pasaytiramiz. Natijada, rastalarda go‘sht narxi biroz o‘zgardi, yirik chakana savdo tarmoqlari bundan mustasno, ularda sezilarli darajada arzonlashdi. Lekin biz, mahalliy mas’ul ishlab chiqaruvchilar sifatida boshimiz uzra bizga rentabelli ishlashimizga imkon bermaydigan «shisha shift»ni his qilyapmiz. Bu salbiy oqibatlar haqida oktabr oyidayoq iqtisodchilar, xususan, Yuliy Yusupov ogohlantirgan edi.

Umuman olganda, hayratlanarli fenomen — bizda barcha oziq-ovqat narxlari va bu sohadagi jarayonlar riteylga moslashtirilgan. Vaholanki bizda riteylda o‘yinchilar va supermarketlar ko‘p emas. Bundan tashqari, riteyl egalarining tan olishlaricha, oziq-ovqat segmentida klassik bozorlarga nisbatan riteylning ulushi bozorlarlagi 90−85 foiz paritetga 10−15 foizni tashkil qiladi. Riteyl qulaylik va xizmat ko‘rsatish tufayli iste’molchi uchun yanada raqobatbardosh va jozibador. Ammo biz nomutanosiblik tufayli bozorni yomon tomonga o‘zgartirgan holda riteyl foydasiga ishlab chiqaruvchilarga kamroq e’tibor qaratmasligimiz kerak.

Go‘sht mahsulotlari narxining oshishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qanday muqobil yechim taklif qilishingiz mumkin?

Dehqonchilik va chorvachilik, nazarimda, mamlakatimiz iqtisodiyotining asosini tashkil etadi. Bunga nafaqat iqtisodiyotimiz turi, qishloq va shahar aholisining foiz nisbati, balki aholi o‘sishining yuqori sur’atlari, farovonlik va integratsiyaning mintaqaviy va jahon miqyosida o‘sib borayotgani ham guvohlik bermoqda. Bizda yuqori sifatli, yuqori rentabellikdagi organik mahsulotlarni ishlab chiqarish imkonini beradigan noyob tabiiy sharoitlar mavjud. Biroq biz bir joyda depsinib, eski vositalardan foydalangan holda bozor jarayonlarini zamonaviy voqeliklar asosida tashkil eta olmaymiz.

Ikkinchidan, yer islohotiga ehtiyoj bor, bu haqda davlatimiz rahbari bir necha bor to‘g‘ri ta’kidlagan. Men uning postulatini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman: «yerning egasi bo‘lishi kerak». O‘z shaxsiy rivojlanishiga byurokratik emas, balki tabiiy ravishda yuqori rag‘bat tuygan mulkdorlar sinfini yaratmasdan turib, biz ko‘plab iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar natijasiga, shuningdek, bozorni sifatli, arzon mahsulotlar bilan to‘ldirishga erisha olmaymiz.

Uchinchidan, biz don rejasidan voz kechishimiz kerak. Dunyoda hali ham kommunistik rejali qishloq xo‘jaligi bo‘yicha yashayotgan, adashmasam, 3 ta davlat bor — O‘zbekiston, Turkmaniston va Shimoliy Koreya. Barshchina va obroklar (krepostnoylik davrida dehqonlardan majburiy tartibda olingan to‘lovlar ­- tarj.), aslida, fermerlarning erkin nafas olishiga imkon bermaydi. Yanada aniqrog‘i, mintaqamiz bug‘doy yetishtirish uchun unchalik ham yaroqli bo‘lmagan bir holatda, don kabi likvidli tovarni qanday qilib ultimatum shaklida olib qo‘yish mumkinligini tushunmayapman.

To‘rtinchidan, hukumat yaqinda chorvachilikni rivojlantirish uchun subsidiyalar ajratdi. Subsidiyalar, imtiyozlardan farqli o‘laroq, aniq shaxslar yoki kompaniyalar uchun imtiyozlar yaratmaydi, balki shakllantirishga yordam beradi va yuqori motivatsiyaga ega. Subsidiyalar tekin mablag‘ emas. Bu ishlab chiqaruvchi keyinchalik o‘zining mahsuldor mehnati bilan to‘lashi kerak bo‘lgan yordamdir.

Soliq imtiyozlari berilgunga qadar yaxshi subsidiyalar joriy qilingan edi: dehqon har kilogramm sof og‘irlik uchun davlatdan erkin foydalanishga 2000 so‘mdan olgan. Hozirgi o‘yinchilarga ham, fermerlikni boshlashga qaror qilganlarga ham rag‘bat bergan ajoyib tashabbus edi. Subsidiyalar taxminan 2 oycha ajratildi. Keyin ular nobozor narxlarni pasaytirishga qaratilgan soliq imtiyozlarini joriy qildilar va buning natijasida dehqonchilikni sifat jihatidan o‘zgartirish uchun foydali rag‘batlar barbod bo‘ldi.

Lekin eng paradoksal tomoni shundaki, prezidentning subsidiyalar haqidagi farmoni quyida qaysidir vazirlik yoki idoraning farmoni bilan qalam bilan yengilgina chizib qo‘yilgan.

Qoramol, qo‘y va echkining xom terisini eksport qilishning cheklanishi haqiqatan ham go‘sht tannarxiga ta’sir qiladimi? Nima uchun ushbu tartib ishlashda davom etmoqda?

Go‘sht tannarxi faqat dehqonning chorva mollarini boqish uchun sarflagan xarajatlaridan tarkib topmaydi, balki buqa yoki sigirning submahsulotlari tannarxidan ham shakllanadi. Respublikada charm biznesini rivojlantirishga qaratilgan proteksionistik chora-tadbirlarning teskari samarasi ham bor. Halollik bilan tan olishimiz kerakki, biz poyabzal va charm buyumlar ishlab chiqaruvchi global ishlab chiqaruvchi emasmiz va o‘shanda hamma narsa ayon bo‘ladi. Avstraliyada bir qoramol submahsuloti o‘rtacha 600 dollar turadi, bizda esa 100 dollar.

Men ishlab chiqaruvchi sifatida butun xohishim bilan terini bera olmayman, chunki bizda poyabzal sanoatida bunday ishlab chiqarish quvvatlari yo‘q. Va eksport ham qila olmayman. Shuning uchun, men terini arzimagan pulga beraman, lekin ayni paytda terining narxini rentabellik uchun go‘sht narxiga kiritaman. Tasavvur qiling-a, siz bug‘doy ekasiz, lekin sizda pichan sotishning iloji yo‘q. Bozor qonunlari va mantiq qonunlari bizning xohish va shiorlarimizdan kuchliroqdir.

Hozirda yirik shoxli mollarning katta qismi aholining qo‘lida. Chorvadorlarga go‘shtni sanoat uslubida ishlab chiqarishlariga nima halal beradi?

Foto: Promeat

Veterinariya qo‘mitasining so‘nggi hisobotida aytilishicha, chorva mollarining 95 foizi aholi xonadonlarida. Chorvachilikning taqsimlanish amaliyoti juda eskirgan va Sovet davridayoq o‘zining samarasizligini ko‘rsatgan. Oddiy odam o‘zi va oilasini boqish uchun qoramol parvarishlardi. Yoki katta xaridlar, to‘ylar va hokazolarga mablag‘ kerak bo‘lganida sotish uchun. U chorva mollarini yetishtirishga ishtiyoqmand emas, moliyaviy mablag‘larning yo‘qligi, texnologiya olish imkoniyatining mavjud emasligi va shunchaki asosiy ishi va kasbi unga chorvachilik bilan samarali hamda daromadli shug‘ullanish, hatto o‘rtacha fermer xo‘jaligiga ega bo‘lish imkoniyatini bermaydi.

Chorva mollari boqiladigan viloyatlar yoki uchastkalarga borgan bo‘lsangiz, qoramollar qanchalik yomon va tizimsiz boqilayotgani, qanday sharoitda saqlanayotgani, ularning sof vazni va boshqa ko‘plab kamchiliklarga guvoh bo‘lishingiz mumkin. Odamlarimiz uchun chorva yostiq ostida saqlanayotgan pulning muqobili hisoblanadi, faqat pul go‘sht ko‘rinishida saqlanadi. Qolaversa, bunday sharoitda mas’ul davlat idoralari tomonidan chorva mollari sifati, emlash, pasportlash va seleksiya ishlarining nazorat qilinishi deyarli mumkin emas. Bularning barchasini doimiy va mavsumiy ravishda byurokratik tarzda tekshirish uchun sizda aqlbovar qilmas shtatlar va moliyaviy imkoniyatlar bo‘lishi kerak. Darvoqe, subsidiya professional fermerni oddiy odamdan ajratadigan filtr bo‘lishi kerak edi.

Yana bir bor takrorlayman, agar biz qo‘shni davlatlar va sharoitlarga qaram bo‘lmaslik, sifatli mahsulot ishlab chiqarishni istasak, raqobat, foyda olish va samaradorlikni oshirish hisobiga sohani olg‘a siljitadigan, innovatsiyalarni o‘zlari tarqatadigan professional fermer-ishbilarmonlar sinfining paydo bo‘lishi va kuchayishiga imkoniyat yaratishimiz kerak.

Aholidagi chorvalarning ustunligi mahsulot sifati ustidan nazoratni yo‘qotishga olib boradi. Xonadonlardan olayotgan sut va go‘sht sifati, ishontirib aytamanki, hatto tanqidga ham dosh berolmaydi. To‘g‘ri qurilgan ferma va yangi texnologiyalar o‘z natijasini berayotgan bir paytda odamlarimizda zamonaviy texnologiyalarga nisbatan yanglish munosabat, fermerlar o‘z fermalarida kunu tun chorvalarga anaboliklarni ukol qilishyapti, degan konspirologik qarashlar mavjud.

Tan oling, qandaydir ustoz ko‘rmagan usta, u qanchalik iqtidorli bo‘lmasin, garajda mustaqil ravishda yaratgan mashinada yurmaysiz. Biz, professional fermer va ishbilarmonlar, aholi bilan yaqindan hamkorlik qilishimiz kerak: yo chorvachilik bo‘yicha bilimimizni oshirishimiz yoki ulardan sotib olishimiz kerak. Qolaversa, urbanizatsiya va hayotning zamonaviy ritmi bu masalada allaqachon ko‘p narsani o‘zgartirmoqda.

Chorvachilik fermalarining hajmlari haqida

Foto: Promeat

Eng avvalo, tegishli yer maydoni va aholi sonini hisobga olgan holda yirik chorvachilik fermasi nima ekanligini aniqlash kerak. Respublikamiz yer maydoni bilan maqtana olmaydi. Agar Rossiyada uning hududi va imkoniyatlarini hisobga olgan holda 20 ming boshli fermer xo‘jaligi yirik fermer xo‘jaligi hisoblansa, bizda bunday xo‘jalik, aslida, monopolist hisoblanadi.

100−500 boshli kichik, 1000 — 2000 boshli o‘rta fermer xo‘jaliklarini tashkil etishni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Ular o‘rtasidagi raqobat, kooperatsiya va ittifoq (masalan, Qozog‘istonda ularning manfaatlarini ifodalash va himoya qilish uchun ma’lum zotdagi ishlab chiqaruvchilar palatalari tashkil etilgan) bizni butunlay boshqa darajaga olib chiqadi.

Yerga egalik huquqi, chorvachilik uchun subsidiyalar berish, g‘alla rejasini bosqichma-bosqich bekor qilish — mana shular dehqonlarimizni mulkdor va ishbilarmon qiladigan, rastalarni arzon va sifatli mahsulotlar bilan to‘ldiradigan uchta asosiy minimumdir.

Moliya vaziri o‘rinbosari Jamshid Abruyev avvalroq QQS imtiyozlari oziq-ovqat narxiga qanday ta’sir qilganini aytib o‘tgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, nol soliq stavkasi uzaytirilsa, 2022 yilda davlat budjeti yana 800 mlrd so‘m yo‘qotadi.