FIFA 2021 yil yakuni bo‘yicha The Best turli nominatsiyalarida g‘oliblarni e’lon qildi.

Unda yilning eng yaxshi futbolchisi sovriniga Polsha terma jamoasi va “Bavariya” hujumchisi Robert Levandovski munosib deb topildi. U ushbu sovrin uchun kurashda Liolnel Messi va Muhammad Salahni ortda qoldirdi.

Foto: twitter.com/lewy_official

2021 yilda polshalik futbolchi 69 ta gol urgan va 13 ta golli uzatma bergan. Ma’lumot uchun, Levandovski 2020 yilda ham The Best sovriniga loyiq ko‘rilgan edi.

Bundan tashqari, marosimda Portugaliya terma jamoasi sardori va “Manchester Yunayted” klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu xalqaro futbolda barcha vaqtlardagi eng yaxshi to‘purarga aylangani uchun FIFA`ning maxsus sovrini bilan taqdirlandi.

Ronaldu Portugaliya terma jamoasi safida 184 ta o‘yin o‘tkazib, 115 ta gol urgan.


Ayol-futbolchilar orasida Ispaniya terma jamoasi va “Barselona” o‘yinchisi Aleksiya Putelyas 2021 yilning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. Putelyas oldinroq “Oltin to‘p” sovriniga ham ega chiqqan edi.

“Chelsi” va Senegal terma jamoasi darvozaboni Eduard Mendi 2021 yilning eng yaxshi darvozaboni deb topildi. U 2021 yilda 50 ta o‘yindan 29 tasida gol o‘tkazmagan.

“Chelsi” murabbiyi, germaniyalik mutaxassis Tomas Tuxel FIFA talqiniga ko‘ra, 2021 yilning eng yaxshi murabbiyi deb e’lon qilindi. U o‘z jamoasi bilan Chempionlar ligasi va UEFA Superkubogiga ega chiqdi, UEFAning 2021 yilgi eng yaxshi murabbiyi bo‘ldi.

Bundan tashqari, marosim davomida FIFA boshqa nominatsiyalarda ham g‘oliblarni e’lon qildi.

Yevro-2020 chempionati o‘yinlarida Daniya terma jamoasi o‘yinchisi Kristian Eriksenning hayotini saqlab qolgan terma jamoa shtabi va tibbiyot xodimlari brigadasi Fair Play sovrinini qo‘lga kiritdi.


FIFA 2021 yilning eng chiroyli goli muallifi sifatida Tottenxemning argentinalik Erik Lamela e’tirof etdi. Ferens Pushkash nomidagi sovrin sohibi o‘z golini Angliya Premer ligasi doirasidagi o‘yinlarda “Arsenal” darvozasiga “rabbona” usulida urgan edi.

Bundan tashqari, FIFA 2021 yilning ramziy terma jamoasini ham e’lon qildi.

  • Darvozabon: Janluiji Donnarumma (Italiya);
  • Himoyachilar: Leonardo Bonuchchi (Italiya), Ruben Diash (Portugaliya), David Alaba (Avstriya);
  • Yarim himoyachilar: Jorjinyo (Italiya), Kevin de Bruyne (Belgiya), Ngolo Kante (Fransiya);
  • Hujumchilar: Robert Levandovski (Polsha), Krishtianu Ronaldu (Portugaliya), Erling Xoland (Norvegiya), Lionel Messi (Argentina).