Tashkilotlardagi emlanmagan xodimlar 15 yanvardan boshlab masofadan ishlashga yuboriladi, deya ma’lum qildi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari — Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Alimov 10 yanvar bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Unda «15 yanvarga qadar barcha kompaniyalar majburiy emlash haqida xabardor qilinadi. Tashkilotlardagi emlanmagan xodimlar masofadan ishlashga yuboriladi. Kelgusi besh kun ichida ishchilari birinchi vaksina oladigan muassasalar avvalgidek ishlashda davom etishlari mumkin», — dedi Anvar Alimov.

Shuningdek, u sog‘lig‘i sababli emlanishi mumkin bo‘lmaganlar masofadan ishlashga majbur bo‘lishlarini qo‘shimcha qildi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Xolmamat Norboyev bunda hech qanday jazo choralari qo‘llanilmasligini aytdi.

«Bugungi kunda 78-protokol asosida qo‘llanilgan jarimalar endi kuchga ega emas. Yaqin kelajakda faqat xabarnoma kampaniyasini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Qonunchilik darajasida jazo choralari yo‘q. Bizning asosiy vazifamiz — har bir fuqaroning tinchligi va farovonligini saqlashga ko‘maklashishdir. Biz bunday davrda biznesni yanada murakkablashtirishga intilmaymiz», — dedi u.

Avvalroq, O‘zbekistonda emlanishdan bosh tortgan 26 mingdan ortiq xodim ishdan chetlatilgani xabar qilingan edi. Shuningdek, Mehnat kodeksining 113-moddasiga xodim karantinli va yuqumli kasalliklar tahdidi bo‘lganda bosh davlat sanitariya vrachi qarori asosida profilaktik emlashdan o‘tishni rad etsa (qarshi ko‘rsatma mavjud bo‘lmaganda), ish beruvchi uni ishga qo‘ymaslikka haqli ekanligiga oid ko‘shimcha kiritilgandi.