Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ayrim mahsulotlarga berilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i imtiyozi uzaytirilishi bo‘yicha qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi va ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi. Bu haqda deputat Rasul Kusherbayev xabar berdi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, 2021 yil 1 maydan 2022 yil 30 aprelga qadar bo‘lgan davrda quyidagilar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi:

  • O‘zbekiston Respublikasi hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek, soya danagini olib kirish;
  • o‘simlik yog‘ini (paxta yog‘idan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma;
  • go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlarni, kartoshkani hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma, shuningdek, ularni mamlakat hududiga olib kirish.

Depututning yozishicha, ushbu qonunni qabul kilish davlat budjetining 800 mlrd co‘m atrofida daromadlari yo‘qolishiga olib keladi. Yo‘qotilgan summani soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish, shuningdek, alohida imtiyozlarni bekor qilish bo‘yicha takliflar hisobiga qoplash ko‘zda tutilmoqda.

Avvalroq, prezident qarori bilan 10 oktabrdan 31 dekabrgacha bo‘lgan davrda go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), kartoshka hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma va O‘zbekistonga olib kirish QQSdan ozod qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev asosiy oziq-ovqat mahsulotlari importi va realizatsiyasi uchun QQSga berilgan imtiyozlar muddati uzaytirilishi borasidagi mulohazalarini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, go‘sht, yog‘ va kartoshka mahsulotlari aholi iste’mol savatchasi tarkibida yuqori vaznga ega ekanligi inobatga olinsa, ushbu mahsulotlar narxlarini barqaror saqlanishi boshqa iste’mol tovar va xizmatlar narxlari o‘sish sur’atlarini pasaytirishga ham ijobiy ta’sir qiladi.