O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi maktablarda qishki ta’til 24 yanvarga qadar uzaytirilganini ma’lum qildi. Mazkur qaror «xalq ta’limi tizimidagi direktor, direktorning o‘quv va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda pedagog-o‘qituvchilarning xalqaro standartlar asosida ishlab chiqarilgan Milliy o‘quv dasturlari asosida malakalarini oshirish kurslarini tashkil etish» maqsadida qabul qilindi.

«Ta’til kunlari davomida, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida ular uchun onlayn fan olimpiadalar, intellektual o‘yinlar, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan bellashuvlar va turli tanlovlar tashkil etiladi», deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, xalq ta’limining ijtimoiy tarmoqlari hamda Milliy teleradiokompaniya telekanallari orqali turli to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

6 yanvar kuni OTM talabalari hamda kasb-hunar ta’lim muassasalari va akademik litsey o‘quvchilari uchun ham ta’til 24 yanvargacha uzaytirilgani xabar qilingan edi.