Juma kuni kechqurun 35 nafar o‘zbekistonlik talaba Qozog‘istondan Toshkentga qaytib keldi, deya xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasiga tayanib.

AviaAlertsUZ xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Uzbekistan Airways samolyoti 18:00 atrofida Nursultondan Toshkentga yetib kelgan.

Yoshlar Narikbayev nomidagi Qozog‘iston davlat yuridik universitetida tahsil olmoqda.

«O‘tayotgan hafta davomida o‘zbekistonliklar qo‘shni Qozog‘istondagi voqealarni katta hayajon bilan kuzatmoqda, — deb yozgan Qozog‘iston davlat yuridik universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar ota-onalari qo‘mitasi raisi To‘ra To‘rayev o‘zining Telegram-kanalida. — Va ko‘pchilik ushbu mamlakatda bo‘lib turgan o‘z yaqinlari hayoti uchun qayg‘urgani haqiqat. Bular orasida Narikbayev nomidagi Qozog‘iston davlat yuridik universitetida tahsil olayotgan talabalarning ota-onalari ham bor».

U talabalarning ota-onalari nomidan ulani vatanga qaytarish bo‘yicha amalga oshirilgan ushbu sa’y-harakatlar uchun O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasiga minnatdorlik bildirdi. Ayni paytda ushbu universitetning barcha talabalari samolyotda uchib kelmoqda.

«Dunyo» AAning eslatishicha, O‘zbekistonning Qozog‘istondagi diplomatiya vakolatxonalari odatdagi tartibda faoliyat yuritmoqda. Zarur hollarda O‘zbekiston fuqarolariga huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Zarurat tug‘ilganda yurtdoshlar istalgan vaqti O‘zbekistonning Nur-Sulton (telefon: +7 771 020 36 73), Olma-ota (telefon: +7 777 950 44 33) va Oqtov (telefon: +7 777 599 00 51) shaharlaridagi diplomatiya vakolatxonalariga murojaat qilishlari mumkin.