Qozog‘istondagi tartibsizliklar natijasida mamlakatdagi biznesga hozirgacha yetkazilgan zarar 91 mln dollarga (40 mlrd tenge) baholandi. Bu haqda mamlakatning «Atameken» milliy tadbirkorlar palatasi xabar berdi.

Shundan 39,5 mlrd tenge (89,8 mln dollar) Olmaotadagi obyektlar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Zararning asosiy qismi savdo, umumiy ovqatlanish, transport, xizmat ko‘rsatish va moliya sektoridagi tadbirkorlik subyektlariga (xususan, bankomatlarga) yetkazilgan.

«Asosan binolar fasadi va kirish joylariga zarar yetkazilgan, shuningdek qimmatbaho texnikalar, jihozlar, interer buyumlari, tovar zaxiralarini o‘g‘irlash bilan bog‘liq ko‘plab holatlar ro‘y bergan», — deyiladi xabarda.

Respublika bo‘yicha 43 ta obyektda joylashgan 300ga yaqin zarar ko‘rgan subyektlar aniqlandi (ulardan 12 tasi savdo-ko‘ngilochar markazlar va savdo uylari). «Qoramsaq» qurol-yarog‘ assotsiasiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Olmaotada oltida qurol do‘koni tunab ketilgan. Ular «Korgan-sentr», «Arma-56», «Anna-16», «Anna», «Orujeynik» va «Pro-Hunt».

Tashkilotning ta’kidlashicha, hozirda obyektlarga kirishning qiyinligi sababli aksariyat ijarachilar ko‘rgan zarar miqdorini aniqlash qiyin.

Qozog‘istonda besh kundan buyon noroziliklar davom etmoqda. Suyultirilgan gaz narxining keskin oshishi oqibatida yuzaga kelgan namoyishlar ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketdi. Natijada Qozog‘iston hukumati barcha xududlarida favqulotda holat joriy etdi, prezident Qasim-Jomart Toqayev so‘rovi bilan KXSHT qo‘shinlari mamlakatga kiritildi.