Oliy ta’lim vazirligi oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litsey talaba-o‘quvchilari uchun qishqi ta’til muddatini 24 yanvarga qadar uzaytirishi ortidan ushbu o‘zgarishlar maktablarga ta’sir qilishi haqida noto‘g‘ri fikrlar shakllana boshlandi.

Jumladan, “Gazeta.uz” o‘quvchilari orasida, ijtimoiy tarmoqlarda maktablarda ta’til muddati ham o‘zgarish yoki o‘zgarmasligiga oid savollar muhokama qilinmoqda. Aniqlik kiritish maqsadida “Gazeta.uz” Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘landi.

Ma’lum qilinishicha, maktablarda darslar doimiy belgilangan sana — 11 yanvardan boshlanadi. Ya’ni maktab o‘quvchilari uchun qishki ta’tilning oxirgi kuni — 10 yanvar hisoblanadi.

Mazkur o‘zgarishlar faqat oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litsey talaba-o‘quvchilariga tegishli. Shu sababli maktablarda qishki ta’til odatdagidek davom etadi.