Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 2 yanvar kuni namoyishlar boshlangan Mangistau viloyatida hamda Olmaota shahrida favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi.

«Vaziyat keskinlashuvi munosabati bilan jamoat xavfsizligini ta’minlash, qonuniylik va tartibni tiklash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish maqsadida», 5 yanvar kuni soat 1:30 dan 19 yanvar 00:00 ga qadar favqulodda holat joriy etiladi, deyiladi Oqo‘rda saytida.

Oldinroq prezident televizor orqali Qozog‘iston xalqiga murojaat qilib, yurtdoshlarini «aql bilan ish ko‘rishga, ichki va tashqi ig‘volarga berilmaslikka, mitingchilar va o‘zboshimchaliklar eyforiyasiga uchmaslikka» chaqirdi.

Cheklovlar

Favqulodda holat davri uchun Olmaota va Mangistau viloyati komendaturalari tashkil etildi. Olmaota Politsiya departamenti rahbari Kanat Taymerdenov shahar komendanti, Mangistau viloyati Politsiya departamenti rahbari Janarbek Baktыbayev viloyat komendanti etib tayinlandi.

Quyidagi chora-tadbirlar va vaqtinchalik cheklovlar kiritildi:

  • jamoat tartibi, muhim davlat va strategik obyektlar, shuningdek aholining hayot faoliyatini va transport harakatini ta’minlovchi obyektlarni qo‘riqlash kuchaytirildi;
  • shaharda harakatlanish erkinligi, shuningdek transport vositalarining ham cheklandi;
  • jismoniy shaxslarning shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarini tekshirish, shaxsni tintuv qilish, ularning narsalari va transport vositalarini tintuv qilish joriy qilindi;
  • Olmaotaga kirish va chiqish cheklandi;
  • tinch yig‘ilishlar, ko‘ngilochar, sport va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazish taqiqlandi;
  • yuridik shaxslarning faoliyatini to‘xtatuvchi yoki tugatuvchi namoyishlar va boshqa usullar taqiqlandi;
  • qurol, aslaha, portlovchi moddalar, maxsus vositalar, zaharli moddalarni sotish taqiqlandi. Dori, narkotik vositalar, psixotrop moddalar, prekursorlar, shuningdek etil spirti va alkogol mahsulotlarini sotish bo‘yicha maxsus rejim joriy qilindi;
  • jismoniy shaxslardan qurol-aslahalar, zaharli moddalar vaqtinchalik olib qo‘yiladi, yuridik shaxslardan esa shu bilan birgalikda jangovar va o‘quv harbiy texnika, portlovchi va radioaktiv moddalar ham olib qo‘yiladi.

Iste’folar

Qozog‘iston prezidenti yana qator farmonlarga ham imzo chekdi. Ulardan biri bilan hukumatning iste’fosi qabul qilindi. Bosh vazir vazifalarini bajarish bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Alixan Smailovga yuklatildi.

Hukumat a’zolari hukumatning yangi tarkibi tasdiqlanguniga qadar o‘z vazifalarini bajarishda davom etishadi.

Krыmbek Kusherbayev Qozog‘iston davlat kotibi lavozimidan ozod etildi. Ushbu lavozimga prezident yordamchisi Yerlan Karin tayinlandi.

Prezident administratsiyasi rahbarining sobiq o‘rinbosari Murat Nurtleu prezident farmoyishi bilan Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.


Olmaota. Foto Almas Kaysar / Vlast.kz.

2 yanvar kuni Mangistau viloyati Janaozen shahrida suyultirilgan gaz narxi oshirilganidan so‘ng boshlangan namoyishlar Qozog‘istonning boshqa hududlariga, jumladan poytaxt Nur-Sulton shahriga va sobiq poytaxt Olmaotaga ham tarqala boshladi. 4 yanvar kuni Mangistau viloyatida narxlar pasaytirilganligi e’lon qilindi, biroq bu namoyishlarni to‘xtatmadi. Namoyishchilar ijtimoiy-iqtisodiy talablardan siyosiy talablarga o‘tishdi. Chorshanbaga o‘tar kechasi namoyishchilar Olmaota ko‘chalarida yurish qilishdi, politsiya nurli va shovqinli granatalardan foydalandi.

5 yanvar kuni ertalab Olmaota shahri rahbari Bakitjan Sagintayev shahar aholisiga murojaat bilan chiqdi, deya xabar beradi Vlast.kz. U ekstremistik harakatlar va mamlakatda destabilizatsiya qilishga uringan ichki va tashqi kuchlarni ayblab, shahardagi vaziyat haqida ma’lum qildi.

«Hozir shahardagi vaziyat nazoratga olingan. Provokatorlar va ekstremistlar qo‘lga olinmoqda. Namoyishni boshlaganlar aniqlanyapti», — dedi u.