O‘zbekiston aeroportlarida kuchli tuman tufayli parvozlar kechiktirildi. Tunda Urganch va Nukus aeroportlarida yomon ob-havo natijasida ko‘rish imkoniyati yomonlashgani munosabati bilan samolyotlar uchish va qo‘nishni amalga oshira olmagan.

Uzbekistan Airports ma’lumotlariga ko‘ra, quyuq tuman tufayli Urganch aeroportida — ko‘rish imkoniyati 200 metr, Moskvadan AFL1976 qatnovini bajarayotgan samolyot soat 03:25 da Sheremetevo aeroportidan ucha olmadi.

Huddi shunday holat yana ikkita qatnov: soat 04:35 dagi SBI6481 Samara — Urganch qatnovi, soat 03:30 dagi SVR2473 qatnovi Sankt-Peterburgdan uchib keta olmadi.

Shuningdek, ko‘rish masofasi 200 metr bo‘lgan quyuq tuman Nukus aeroporti faoliyatini ham chekladi. HY15/16 va HY11/12 qatnovlari Toshkent aeroportida uchishni kutishmoqda. Bundan, soat 11:30da Nukus-Aktau yo‘nalishi bo‘yicha uchishni amalga oshirishi kerak bo‘lgan HY9727/9728 qatnovi parvozining chegaralanishi ham mustasno emas.


Bir kun avval (2 yanvar kuni) bekor qilingan Toshkentdan Urganch va Nukusga parvozlar hanuz ushlanib turilibdi. Yo‘lovchilarning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, aeroportdagi jadval (tablo)da ko‘rsatilgan Toshkentdan uchish vaqti — soat 14:00da deb ko‘rsatilgan.

Uzbekistan Airways kompaniyasi yo‘lovchilarga aloqa markazidan qatnovlar haqida ma’lumotlarni aniqlashtirishni tavsiya qildi: 78−140−02−00. Parvozlar haqida so‘nggi ma’lumotlar onlayn-jadvalda ham mavjud: uzairways.com/ru/schedule