Varshava shahrida bo‘lib o‘tgan shaxmatning blits yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionatida o‘zbekistonlik Javohir Sindarov 8-o‘rinni egalladi.

21 tur davom etgan shaxmat musobaqasida fransiyalik sportchi Maksim Vashiyer Lagraf taybreyklarda polshalik Yan Kshishtof Dudani mag‘lub etib, jahon chempioniga aylandi.

O‘zbekistonlik shaxmatchilar Javohir Sindarov 13,5 ochko to‘plagan holda 8-o‘rinni, Nodirbek Abdusattorov va Shamsiddin Vohidov 12 ochkodan jamg‘arib 46 va 47-o‘rinlardi egallashdi. 26 yoshli Jahongir Vohidov 10,5 ochko bilan 90-o‘rinni band etdi.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra Top-10 quyidagicha ko‘rinish oldi:

  1. Maksim Vashiyer Lagraf — 15 ochko.
  2. Yan Kshishtof Duda — 15 ochko.
  3. Alirizo Feruzja — 15 ochko.
  4. Danil Dubov — 14.5 ochko.
  5. Levon Aroniyan — 14 ochko.
  6. Shahriyar Mamedyarov — 14 ochko.
  7. Vladimir Artemiyev — 14 ochko.
  8. Javohir Sindarov — 13.5 ochko.
  9. Vladimir Fedoseyev — 13.5 ochko.
  10. Grigoriy Oparin — 13.5 ochko.

Ma’lumot uchun, blits bahslarida 180 nafar shaxmatchi g‘oliblik uchun kurash olib bordi.

Musobaqa reglamentiga ko‘ra sovrin jamg‘armasi 350 000 dollarni tashkil etib, shundan 1-o‘rin uchun 60 000 AQSh dollari, 2-o‘rin uchun 50 000 AQSh dollari va 3-o‘rin uchun esa 40 000 AQSh dollari ajratilgan. 8-o‘rinni egallagan Javohir Sindarov 14 000 AQSh dollariga ega bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Varshavada bo‘lib o‘tgan tezkor shaxmat (rapid) bo‘yicha jahon chempionatida 17 yoshli o‘zbekistonlik Nodirbek Abdusattorov g‘alaba qozonib, musobaqa tarixidagi eng yosh chempion bo‘lgan edi.