Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi yil munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigida 2022 yilni qanday nomlash bo‘yicha o‘z taklifini ma’lum qildi.

«Biz yangi yilga nom berishda, keng jamoatchilikning fikrlarini o‘rgandik. Ana shu takliflardan kelib chiqib, men Yangi — 2022 yilni mamlakatimizda „Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili“ deb e’lon qilishni taklif etaman», — dedi davlat rahbari.

«Inson qadrini ulug‘lash — yurtimizda yashayotgan har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash demakdir. Bu borada jamiyatimiz asosi bo‘lgan mahalla hal qiluvchi o‘rin tutadi», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev bundan buyon har bir mahallada samarali ish olib borish faoliyatning bosh mezoniga aylanishini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, prezident yangi yilni qanday nomlash bo‘yicha taklifini birinchi marotaba yangi yil arafasida e’lon qildi. Oldingi yillar bu taklif parlamentga murojaat davomida bildirilayotgan edi.